Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokidagi parlament eshituvida Qonunchilik palatasi deputati Abduhakim Eshboyev “2025-2026 yilgi kuz-qish mavsumida aholiga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib beriladimi? Elektr uzatish tarmoqlari mavsumga to‘liq tayyormi?” degan savolni o‘rtaga tashladi.
Bunga javoban vazir quyidagilarni qayd etdi:
— Kuz-qish mavsumida barqaror energiya resurslarini yetkazib berish borasida Energetika vazirligida muvofiqlashtiruvchi markaziy shtab tuzilgan va 24 soat davomida ishlayapti. Har bir mavsumga tayyorgarlik jarayonida favqulodda vaziyatlar, kutilmagan holatlar ham sodir bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda, albatta, elektroenergiya tizimida cheklovlar kiritishga majbur bo‘linadi.

Avvalgi yillarni tahlil qilsak, 2013 yil davomida 4 mlrd. kilovatt soat cheklov kiritilgan. Bu o‘sha paytdagi iste’molga qaraganda juda katta foiz hisoblanadi. 2021 yilda 1,5 mlrd, 2022 yilda 2 mlrd, o‘tgan yili 357 million kilovatt soat cheklovlar kiritilgan. Joriy yil noyabr oyida esa 24 million, dekabr oyida 18 million kilovatt soat cheklov kiritishga majbur bo‘ldik.

Elektr uzatish tarmoqlariga kelsak, tarmoqlar hozirgi kunda to‘liq tayyor emas. Birinchi o‘rinda magistral tarmoqlarimiz to‘la tayyormas. Chunki uzoq muddat magistral tarmoqlarga e’tibor berilmagan. Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, magistral tarmoqlar bo‘yicha alohida dastur qilindi, 5000 km yangi tarmoqlar quriladi. 22 ta yangi stansiya ishga tushiriladi. Tarmoqlardagi avariyalarni tahlil qilsak, past kuchlanishli tarmoqlardagi avariyalar o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar kamaygan bo‘lsa, yuqori kuchlanishli taqsimlash tarmoqlarida 116 taga ko‘paygan. Quyosh panellari ham tarmoqlardagi bosimni nisbatan pasaytirib beradi. Magistral tarmoqlar bo‘yicha esa ishlar olib boriladi. Buning uchun tizim ham, mablag‘ ham bor, — dedi vazir.
Muhtarama Komilova,
O‘zA