Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika va yadro sohasi mutaxassislariga diplomlar topshirildi
10:05 / 2025-08-05

Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti filiali bitiruvchilariga diplomlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti olimlari, soha mas’ullari, universitet va filial professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev, filial ijrochi direktori Shavkat Abdukomilov va boshqalar mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarda bitiruvchilar munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Ta’kidlanishicha, bu yil filialning bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 44 nafar bitiruvchisi davlat namunasidagi diplomga ega bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda atom va energetika sohalari uchun mutaxassislar tayyorlanayotgan mazkur oliy ta’lim muassasasining uchinchi bitiruv marosimidir. Filial ma’muriyatiga ko‘ra, ayrim bitiruvchilar allaqachon ishga joylashish takliflarini olgan. Ularning ko‘plab bitiruv malakaviy ishlari esa energetika va yadro texnologiyalari sohasidagi ustuvor vazifalarga qaratilgan amaliy loyihalarning tarkibiy qismiga aylangan.

– Bugungi kunda O‘zbekiston zamonaviy yadroviy infratuzilmasini izchil ravishda shakllantirmoqda. Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi amalga oshirilyapti. Yadroviy texnologiyalar esa tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilmiy tadqiqotlar sohalarida keng joriy etilmoqda. Bu kabi yirik loyihalarni bilimli, iqtidorli va maqsad sari intilayotgan yosh kadrlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bugun MMFIning Toshkentdagi filiali “O‘zatom” agentligi va butun atom tarmog‘i uchun haqiqiy tayanch maskaniga aylanganidan faxrlanamiz, – dedi A.Ahmedxo‘jayev.

“Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti Yadro fizikasi va texnologiyalari instituti direktori o‘rinbosari Aleksandr Xromov o‘z nutqida ta’kidlashicha, MMFI diplomi bitiruvchilarning yuqori bilim va ko‘nikmalarini tasdiqlovchi muhim hujjatdir.

– Fiziklar hech qachon ortiqcha bo‘lmaydi, yadroviy fiziklar esa noyob va talab yuqori bo‘lgan kadrlar hisoblanadi. Ular barcha fanlar bo‘yicha mustahkam bilimlarga ega bo‘ladi. Olingan diplom professional faoliyatning birinchi qadami. Kimdir magistratura yoki aspiranturada o‘qishni davom ettiradi, kimdir ishga joylashadi. Lekin haqiqiy mutaxassis bo‘lish uchun inson doimo o‘rganishi, bilim olishda davom etishi lozim. Faqat shundagina u murakkab vazifalarni hal eta oladigan kuchli mutaxassisga aylanadi, – dedi A.Xromov.

Tadbir yakunida qayd etilganidek, filial 2019 yilda to‘rt yo‘nalish bo‘yicha ilk talabalarni qabul qilgan bo‘lib, shu paytgacha 161 nafar mutaxassisni tayyorladi. Uning faoliyati mamlakatda atom sohasi uchun milliy kadrlar tayyorlash strategiyasining bir qismi sifatida qaraladi. Atom elektr stansiyasi qurilishi kabi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhandislik va ilmiy salohiyatni talab etadi. Joriy yil bitiruvchilari esa yurtimizda yuqori texnologiyalar rivoji uchun yetarli kadrlar zaxirasi shakllanayotganidan dalolat beradi.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA