English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika va suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik izchil rivojlanmoqda
15:24 / 2026-02-15

Toshkent shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonning energetika hamda suv xo‘jaligi sohasiga mas’ul rahbarlari ishtirokida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda sohadagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, mavsumiy yuklamalar davrida tizimlar barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, Qozog‘iston Respublikasi energetika vaziri Yerlan Akkenjenov hamda Tojikiston Respublikasi energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma ishtirok etdi. Shuningdek, to‘rt mamlakat energetika kompaniyalari rahbarlari va mas’ul mutaxassislari ham muzokaralarda qatnashdi.

Muzokaralar davomida so‘nggi yillarda davlatlar rahbarlari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ko‘p tomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Ayniqsa, yoqilg‘i-energetika sohasidagi muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar mintaqada barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda joriy kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, vegetatsiya davrida suv-energetika tizimlarining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar tarmoqlar ish rejimlari bo‘yicha muvofiqlashtirilgan grafiklar yuzasidan kelishuvga erishdi.

N.Ziyodulayeva, O‘zA