Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika va neft-gaz sohasida nazorat tadbirlari kuchaytirilmoqda
17:23 / 2025-12-22

Bugungi kunda energetika va neft-gaz sohasida nazorat tadbirlari doimiy ravishda olib borilmoqda. Joriy yilda ham “O‘zenergoinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida bir qator qoidabuzarliklar aniqlandi.

O‘rganishlarga ko‘ra, birinchi noqonuniy holat Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida fosh etildi. Inspeksiyaning hududiy boshqarmasi o‘tkazgan nazorat tadbirida ma’lum bo‘lishicha, "F.U.O." MCHJga qarashli qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexi o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarlik natijasida tizimga 1 milliard 478 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ikkinchi holat Qashqadaryo viloyatida aniqlandi. Qashqadaryo hududiy boshqarmasi Chiroqchi tumani va Shahrisabz shahridagi “A.X.” MCHJ va "H." MCHJlarga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shoxobchalarida neft mahsulotlarini tarqatish talablariga rioya etilishini o‘rgandi. Tekshiruv davomida mazkur AYOQSHlardagi yoqilg‘i tarqatish ustunlari navbatdagi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish muddatiga amal qilinmasdan iste’molchilarga avtobenzin sotilayotgani aniqlandi. Qonunga muvofiq, mazkur holat bo‘yicha realizatsiya qilingan neft mahsulotlari qiymatining 50 foizi miqdorida jarima qo‘llandi.

Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu ikki holat ham davlat nazorati va qoidabuzarlikka qarshi tezkor tadbirlar muhim ekanini ko‘rsatadi. Bu esa tizimga elektr energiyasi va neft mahsulotlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish, aholiga xavfsiz va barqaror xizmat ko‘rsatish mas’uliyatini yuklamoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA