Energetika tizimiga 493 million so‘mlik zarar yetkazilgan
Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda joylarda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida Toshkent viloyati Qibray tumanida faoliyat olib borayotgan “N. Sh." MCHJ tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Ushbu tadbirkorga qarashli to‘yxona va choyxonaning elektr qurilmalari elektr energiyasidan foydalanish shartnomasini rasmiylashtirmasdan elektr tarmog‘iga ulanganligi ma’lum bo‘ldi.
Bu holat tufayli 1,1 million kilovatt soat hisobga olinmagan elektr energiyasi bo‘yicha 493 million so‘m miqdorida qayta-hisob ishlari amalga oshirildi.
Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA