French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika tizimida yoshlar salohiyatiga katta e’tibor qaratilmoqda
10:58 / 2026-03-06

Energetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yosh mutaxassislarning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda sohada faol ishtirokini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqotida bu masalaga alohida e’tibor qaratildi.

Unda vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davlatimiz rahbarining yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotida haftaning har payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni”ni tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, kasbiy rivojlanish, innovatsiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi. Ayniqsa, energetika tarmog‘ida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, zamonaviy boshqaruv usullarini qo‘llash va mutaxassislar malakasini oshirishga oid fikrlar ilgari surildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov yoshlarning savollariga batafsil javob berib, ular bilan erkin muloqot qildi. U o‘z so‘zida sohada yoshlarning o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

– Bugun energetika sohasi jadal o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Yangi texnologiyalar, raqamli yechimlar va innovatsion yondashuvlar bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa, avvalo, bilimli va tashabbuskor yosh mutaxassislarni talab qiladi. Shuning uchun vazirlik tizimida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish va kasbiy o‘sishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilayapti, – dedi vazir.

Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni atroflicha o‘rganish, ularni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Vazir mazkur tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.

Ta’kidlanganidek, tizimda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarning tashabbuskorligi va bilim salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy o‘sishi va zamonaviy ko‘nikmalarni egallashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish Energetika vazirligi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu kabi ochiq muloqotlar esa yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish, ularning fikr va takliflarini eshitish hamda sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA