Joriy yilning 14-15-may kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasining barcha pavilonlarida 26 Xalqaro “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024” anjumani doirasida soha salohiyatini namoyish etuvchi yirik ko‘rgazma o‘tkazilmoqda.
Unda 29 mamlakatdan mazkur tarmoqda faoliyat yurituvchi 450ta kompaniya yoqilg‘i-energetikaga oid zamonaviy uskuna va texnologiyalaridan namunalar namoyish etilyapti.
- Biz ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqdamiz, - deydi Yaponiyaning “UTO” kompaniyasi vakili Ivosaki Sakura. - Kompaniyamiz Yaponiyaning Osaka shahrida joylashgan. Neft-gaz sohasiga uskunalar yetkazib berish bilan shug‘ullanamiz. O‘ylaymanki bugungi ko‘rgazma hamkorlar bilan teng manfaatli shartnomalar imzolashimizga xizmat qiladi.
- Biz Rossiyaga qarashli kompaniya vakilimiz. Bu yerda asosan neft-gaz sohasiga portlashdan himoya qiluvchi uskunalarni yetkazib beramiz, - deydi kompaniyaning Qozog‘istondagi vakili Rustam Ro‘ziyev. – Aytish kerakki, kompaniyamiz mintaqadagi eng nufuzli va yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Soha uchun zarur bo‘lgan 0.4 kilovolt kuchlanishga ega barcha elektr jihozlarni ishlab chiqaramiz. Bundan tashqari yong‘indan ogohlantiruvchi uskunalar ham tayyorlaymiz. Bu yerda O‘zbekiston bozorini o‘rganib, kelgusida korxona ochish niyatimiz bor.
Ishtirokchilar orasida dunyodagi yetakchi xalqaro neft-gaz va energetika kompaniyalari, moliya institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar, ixtisoslashtirilgan davlat tuzilmalari va ilmiy-tadqiqot sohasi vakillari bor. Shu kuni tashkilotchilar tomonidan barcha qatnashchilarga o‘z salohiyatlarini namoyish etishlari uchun yetarlicha shart-sharoit yaratib berildi. Masalan, uglevodorod qazib olishning zamonaviy usullari, neft va gazni qayta ishlash, xavfsizlikni ta’minlovchi tizimlar, yoqilg‘i quyish shahobchalarining zamonaviy yechimlari ko‘pchilikning qiziqishini uyg‘otdi.
Ko‘rgazmada qayta tiklanuvchi energiya manbaalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning yirik kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan mahsulotlarga ayniqsa keng o‘rin berildi. “Rosatom” tomonidan energiya ishlab chiqarishning yangi loyihalari hech kimni befarq qoldirmadi.
Xullas, soha mutaxassislarini bir joyga jamlagan forum va uning doirasidagi ko‘rgazmalar ishtirokchilarning o‘zaro foydali shartnomalar tuzishlariga, dunyodagi energetika tarmog‘i korxonalarining yangi ilmiy ishlanmalari bilan yaqindan tanishishlariga xizmat qildi.
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika forumi va ko‘rgazma natijalari iqtisodiyotning ushbu muhim sektorida innovatsion yechimlar va strategik hamkorlikning mustahkamlanishi va shakllanishiga yordam beradi.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/vYzqkkXFY5g" title="Energetika tizimida yangi davr boshlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA