Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika tizimida nazorat va xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda
14:56 / 2025-07-28

Yurtimizda energetika sohasida xavfsizlikni ta’minlash, resurslardan samarali foydalanish hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, “O‘zenergoinspeksiya”ning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda olib borayotgan nazorat va profilaktik faoliyati orqali sohadagi qoidabuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilyapti.

So‘nggi kunlarda Sirdaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan shunday nazorat tadbirlari natijasida qator qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Jumladan, Sirdaryo tumanida joylashgan “U. F. F.” fermer xo‘jaligi hisoblagichdan tashqari tarmoq orqali elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu bilan davlat elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 585 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Nazorat tadbirlari davomida Namangan viloyatida ham jiddiy qonunbuzarlik holati qayd etildi. Xususan, Namangan tumanidagi 275-sonli transformator punktida ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan brigada ish joyida xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilmasdan faoliyat yuritgani aniqlandi. Past kuchlanish uchun mo‘ljallangan ko‘chma yerlagichning yaroqsiz holda ishlatilgani va boshqa qoidabuzarliklar tufayli ushbu brigada ishdan chetlatildi. Shu bilan birga, xavfsizlik chora-tadbirlari to‘liq bajarilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi hamda ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Energetika ob’ektlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi bo‘yicha Toshkent viloyatida ham keng qamrovli tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 iyuldagi 473-sonli farmoyishiga muvofiq, “O‘zenergoinspeksiya” Respublika ishchi guruhi bilan hamkorlikda viloyatdagi yoqilg‘i quyish, saqlash va tarqatish inshootlari hamda chakana savdo shoxobchalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazmoqda.

Bir hafta davomida 172 ta ob’ekt tekshiruvdan o‘tkazilib, texnik xavfsizlik, yong‘inga qarshi kurash va mehnat muhofazasi bo‘yicha 1 ming 254 ta kamchilik aniqlandi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga majburiy ko‘rsatmalar berildi hamda ularning ijrosi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatildi. Shoxobchalarni xatlovdan o‘tkazish ishlari hozir ham davom etmoqda.

Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan holatlar energetika tarmog‘ida xavfsizlik va qonuniylikni ta’minlash borasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlarning amaliy natijasidir. Bunday nazorat ishlarining davomiyligi sohada mas’uliyat va tartib-intizomni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA