Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etilgan. bugungi kunda vazirlik tizimida o‘ndan ortiq mas’ul idora va ularning barcha viloyatlarda hududiy bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi. Ularda yuz mingdan ortiq mutaxassis, ishchi-xodimlar mehnat qiladi.
Qaror va ijro
Ushbu tizim ishi bevosita aholi ehtiyojini qondirish bilan bog‘liq bo‘lgani sababli ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarning ochiq va shaffofligini ta’minlab berishda, keng jamoatchilikni sohadagi yangilik va o‘zgarishlardan xabardor qilish va axborotlar berishda vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar matbuot xizmatlari faoliyati alohida o‘rin egallaydi.
Har yildan ko‘ra, joriy qish mavsumi vazirlik tizimi tashkilotlari faoliyati uchun ancha sinovli keldi. Bu jarayon ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgani ham barchamizga ma’lum. Shunday sinovli paytda vazirlik va iste’molchilar o‘rtasidagi muammoli masalalarni yechish va o‘zaro tushunmovchiliklarni vaqtida bartaraf etish hamda bular haqida keng jamoatchilikka yetkazishda tizim matbuot xizmatlarining munosib hissasi bor.
O‘zA muxbirining Energetika vazirligi Matbuot xizmati rahbari Elmira BEKMURODOVA bilan bo‘lgan suhbati tizimdagi aynan shu jarayonlardagi xabarlar ustida ishlash, ularni keng jamoatchilikka holisona yetkazish va ushbu ishlarning ahamiyati xususida bo‘ldi.
– Energetika vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga yoqilg‘i-energetika mahsulotlari ishlab chiqarish va ularni qayta ishlash jarayonidan tortib, iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiya yetkazib berish hamda ularning talabini qondirishdek katta mas’uliyatli vazifa yuklatilgan, – dedi E.Bekmurodova. – Masalan, tizimdagi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati 2020 yilning yanvar-noyabr oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish 54 100 million kVt soatga teng bo‘lib, bu rejadan 2 milliard kVt soatga (104 foiz) ko‘p ishlab chiqarilgan bo‘lsa, respublika iste’molchilariga 2020 yil boshidan elektr energiyasi yetkazib berish ko‘rsatkichi 47,7 milliard kVt soatni tashkil etdi. Shuningdek, o‘tgan 11 oy davomida aholi iste’molchilariga 9,6 milliard kub metr va iqtisodiyot tarmoqlariga 25 milliard kub metr tabiiy gaz, 470,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shundan 108 million kub metri “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati hissasiga to‘g‘ri kelayotgani va bu o‘tgan yilga nisbatan 15 million kub metrga ko‘p ekanini ta’kidlash zarur.
Deylik, tabiiy gaz yetib bormagan hududlarga suyultirilgan gaz va ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, aholi sutkasiga 2 ming tonna ballonlardagi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Qishki mavsumda 2020 yilning dekabr oyidan 2021 yil mart oyigacha 217 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Amalda 411 ming tonna ko‘mir yetkazib berilib, bu rejaga nisbatan 102 foizga ko‘pni tashkil etdi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan faktlar tizim faoliyatidagi ishlarning bir qismidir. Bular haqida batafsil axborotlar tayyorlash va ularni aholiga va iste’molchilarga kunlik xabarlar orqali yetkazish suv va havodek zarur, deb o‘ylaymiz.
– Demak, mazkur talablardan kelib chiqib, bugungi kunda har bir vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini ko‘rsatib berishda matbuot xizmatlari yetakchi o‘rin egallamoqda. Chunki matbuot xizmati bevosita o‘sha tashkilotning vazifasini jamoatchilikka tanitish va targ‘ib qilishda muhim vositachiga aylanmoqda. Sizningcha, Energetika vazirligi va uning tizimidagi idoralar uchun matbuot xizmatining o‘rni qanday?
– Menimcha, vazirlik uchun bizning jamoamiz ishi o‘ta muhim, deb o‘ylayman. Chunki bu mamlakatimizdagi amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bir qatorda iste’molchilarimiz talab va taklifini qondirish bilan ham bog‘liqdir. Prezidentimizning 2019 yil 27 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati isloh qilinib, uning negizida 3 ta alohida – “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil topdi. Ular vazirlik tarkibida faoliyat ko‘rsatishi barobarida har bir jamiyat o‘z faoliyatini samarali tashkil qilishiga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslarga ega.
Xuddi shu ishlar uzviyligida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining qayta tashkil etilishi, “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati va ularda amalga oshirilayotgan loyihalar, yangiliklar va axborotlarni xalqimizga yetkazish bugun har qachongidanda eng muhim va mas’uliyatli vazifa sanaladi.
– Tizimda islohotlar jarayoni jadal olib borilmoqda. Ta’minotchi va iste’molchi uchun shaffof avtomatlashtirilgan tizim – AEKUE va ASKUG joriy etilmoqda. Energiya samaradorligiga erishish masalasi ham sohadagi muhim vazifalardan. Biroq shuncha qilinayotgan ishlarga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda tabiiy gaz va elektr energiya muammosi asosiy mavzuga aylanib qolmoqda. Bunday holatlar matbuot xizmati vazirlik va iste’molchilarga qay tarzda ko‘mak bera olayapti?
– Darhaqiqat, sohada katta islohotlar va ko‘plab investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. AEKUE va ASKUG avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishida “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan sezilarli ishlar qilinmoqda. Bu borada saytlarimiz va ijtimoiy tarmoqlarda doimiy axborot, videolavhalar berib borilmoqda. Xalqimiz avtomatlashtirilgan tizimlar haqida qaysidir ma’noda ma’lumotga ega bo‘lmoqda.
Endi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tabiiy gaz va elektr energiyasi muammosi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, vazirlik tomonidan har bir muammo alohida nazoratga olingan. Buning uchun vazirlik va unga qarashli idoralarda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlaydigan bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, har bir hudud va har bir manzilda avariya holatlarini bartaraf etadigan tezkor guruhlar tashkil etilgan. Ular iste’molchilar mushkulini oson qilish uchun kechayu kunduz xizmatda.
Matbuot xizmati ushbu holatlar uchun mutaxassis va xodimlar singari birdek mas’uliyat bilan yondashadi. Ijtimoiy tarmoqqa chiqarilayotgan muammolar tezkor o‘rganilib, muammolar bartaraf etilgandan so‘ng bu haqda matbuot xizmati tomonidan ommaga ma’lum qilinadi. Qolaversa, ish tartibimiz bo‘yicha biz OAV vakillari bilan ham doimiy hamkorlik qilib boramiz. Bir tomondan muammolar yechimida soha mutaxassislari bilan ishlasak, ikkinchi tomondan bizga aholi va iste’molchilarga holatlar haqida ro‘y-rost va shaffof talqin qilib yetkazishda jurnalist va blogerlarimiz ham juda yaqindan yordam beradi.
Bizni quvontirgan jihat shuki, iste’molchilar ko‘targan muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilayotganidan aholining tizimda amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘ngli to‘layotganiga ko‘p bor shohid bo‘layapmiz. Bu bilan sohada kamchiliklar butunlay bartaraf etildi degani emas, aksincha, biz katta ishlar boshida turibmiz. Iste’molchilarni rozi qilish uchun qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar yanada salmoqlidir. Bunday ezgu amallarda va energetika tizimi ravnaqi hamda muammolar yechimida matbuot xizmati yaqin ko‘makchi, desak o‘rinli bo‘ladi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA
suhbatlashdi.