Energetika taraqqiyotining yangi bosqichi
2012-yilning IV choragidan boshlab 478 MVt quvvatga ega boʻlgan kombinatsiyalashgan siklli zamonaviy bugʻ-gaz qurilmasi ham ishga tushdi.
"Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati mintaqadagi sanoat korxonalari, kichik va oʻrta biznes subyektlari hamda ijtimoiy-maishiy isteʼmolchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlovchi asosiy manba hisoblanadi.
Respublikaning yirik issiqlik elektr stansiyalari qatoriga kiruvchi stansiya qurilishi oʻtgan asrning 60 yillarida Zarafshon daryosining chap qirgʻogʻida, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarkibida Navoiy shahridan 7 kilometr masofada joylashgan Samarqand-Buxoro energobogʻlami markazida boshlangan edi.
Issiqlik elektr stansiyasining yirik isteʼmolchilari tarkibiga viloyatdagi sanoat korxonalari – Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, mintaqadagi qishloq xoʻjaligining yirik nasos stansiyalari va boshqalar kiradi. Stansiyaning ekspluatatsiya faoliyati 1963-yilning fevral-mart oylarida unumdorligi soatiga 220 tonnadan bugʻ berish quvvatiga ega ikki qozon va har biri 25 megavatt quvvatga ega ikkita turboagregat ishga tushirilishi bilan boshlangan.
2012-yilning IV choragidan boshlab 478 MVt quvvatga ega boʻlgan kombinatsiyalashgan siklli zamonaviy bugʻ-gaz qurilmasi ham ishga tushdi. 478 MVt quvvatli bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirilgach, stansiyaning quvvati 1618 megavattni, issiqlik quvvati esa soatiga 518 gigakaloriyani tashkil etdi.
Jismonan va maʼnan eskirgan uskunalarni modernizatsiya qilish energiya taʼminotini barqarorlashtirish, mahsulot birligiga shartli yoqilgʻi sarfini kamaytirish hamda energetika ishlab chiqarish jarayonlarining atrof-muhitga zararli taʼsirini kamaytirish maqsadida 2012-yilda 478 megavatt quvvatli kombinatsiyalashgan siklli bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirilishi stansiya quvvatlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishning I davrini boshlab berdi.
Yangi qurilmaning ishga tushirilishi munosabati bilan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi miqdori oshishi sababli 220 kV kuchlanishli Ochiq taqsimlash qurilmalari nimstansiyasi rekonstruksiya qilindi.
II davr stansiyani yana-da kengaytirish hisobiga ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, zamonaviy energotejamkor texnologiyalarni joriy etish va isteʼmolchilar energotaʼminotini barqarorlashtirish maqsadida 2017-2019-yillarda 450 megavatt quvvatli bugʻ-gaz qurilmasi loyihasini amalga oshirish bilan davom ettirildi. Birinchi qurilmadan farqli oʻlaroq, ushbu loyihada 200 gigakaloriya (issiqlik tarmogʻi uchun 100 Gkal miqdorda issiq suv hamda ishlab chiqarish korxonalari uchun 100 Gkal. sanoat bugʻi koʻrinishida) issiqlik energiyasi ishlab chiqarish koʻzda tutilgan boʻlib, bu bilan istiqbolda stansiyaning issiqlik quvvatlarini ham yangilash koʻzda tutildi.
2019-2023-yillarda stansiyani navbatdagi uchinchi va toʻrtinchi bugʻ-gaz qurilmalari loyihasini amalga oshirish orqali kengaytirish moʻljallanmoqda. Bu stansiya taraqqiyotining III davrini boshlab beradi.
Ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish yaqin yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlari rivojlanishi bilan bogʻliq. Ayni paytda ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, qurilishni moliyalashtirish manbalarini aniqlash va loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq koʻplab boshqa masalalar ustida ish olib borilmoqda. Loyihalarning atrof-muhitga taʼsiri masalalari majmui ekologik ekspertizadan oʻtkazildi. Karmana va Navbahor tuman hokimliklari tomonidan ikki bugʻ gaz qurilma hamda navbatdagi ushbu energobloklar quvvatlarini uzatish maqsadida 220/500 kV kuchlanishli nimstansiya qurilishi uchun yer ajratish masalalari ijobiy hal qilingan.
Kombinatsiyalashgan siklda zamonaviy qurilmalarda 1 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 220-235 gramm shartli yoqilgʻi sarf qilinadi(solishtirish uchun – anʼanaviy texnologiyalarga asoslangan qurilmalarda ushbu koʻrsatkich 400 grammga borib qoladi va hatto undan ham ortiqroqni tashkil etishi mumkin). Dastlabki 478 MVt quvvatdagi qurilmaning ishga tushirilishi natijasida stansiyada yillik iqtisod qilib qolingan tabiiy gaz miqdori 350-400 million kubometrni, 2013-2018-yillar mobaynida 2,3 milliard kubometr gaz tejab qolinib, 1 trillion soʻm mablagʻ iqtisod qilindi.
Ikkinchi navbatdagi 450 MVt quvvatli qurilmaning ishga tushirilishi stansiya boʻyicha ichki isteʼmolchilar uchun qoʻshimcha ravishda yiliga 3 milliard 276 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Loyihaning yana bir eʼtiborga loyiq jihati shundaki, unda Oʻzbekistonda birinchi bor texnik suv oʻrniga havo bilan sovutiladigan kondensator oʻrnatilgan.
Yangi qurilma ishga tushirilishi bilan 112 ta ish oʻrni yaratilib, yillik tabiiy gaz iqtisodi esa 500 million kubometrni tashkil etayotir.
Zamonaviy energetik texnologiyalarga asoslangan investitsiya loyihalarining keng joriy etilishi natijasida 2023-yilga kelib issiqlik elektr stansiyalarida gaz turbina qurilmalari hamda bugʻ-gaz turbinali kombinatsiyalashgan siklli qurilmalar soni 21 taga yetishi kutilmoqda. Bu oʻz navbatida ana shu davrda joriy etilayotgan yangi qurilmalar uchun 1 000 nafardan ortiq malakali ekspluatatsion xodimlar tayyorlash vazifasini ham qoʻymoqda. Stansiya bazasida energotizim issiqlik elektr stansiyalari ehtiyojlari uchun xodimlar tayyorlash Oʻquv markazining tashkil etilgani bu masalaga ham ijobiy yechim topishga xizmat qilmoqda. Markaz bevosita Yaponiya xalqaro hamkorlik Agentligi (JICA)ning moliyaviy va texnikaviy koʻmagida tashkil etilgan boʻlib, 2018-yil oxirida dasturlarni toʻla oʻtgan 14 nafar instruktorlarga JICA ekspertlari tomonidan amaliy va nazariy mashgʻulotlar oʻtish huquqini beruvchi sertifikatlar taqdim qilindi. 2019-yil iyul oyida Oʻquv markaziga tijorat faoliyati olib borish uchun rasman litsenziya olindi.
“Navoiy IES” aksiyadorlik jamiyatida har birining quvvati 650 MVt boʻlgan navbatdagi uchinchi va toʻrtinchi investitsiya loyihalarini joriy etish moʻljallanmoqda. Bu bilan mintaqada energetika ishlab chiqarish quvvatlari hamda 500 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarining rivojlantirilishi – Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan Qizilqum bagʻrida aniqlangan oʻttizga yaqin konlarning oʻzlashtirilishi munosabati bilan elektr energiyaga boʻlgan ehtiyojning qondirilishiga qaratilgan.