Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika sohasini isloh qilishda yangi bosqich
18:37 / 2023-10-03

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga muvofiq,  2023-2030 yillarga mo‘ljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasi; 

elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich shakllantirish; 

elektr energetika tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda sohaga xususiy sektorni keng jalb qilishga shart-sharoit yaratish;

elektr energiyasi ta’minotining uzluksizligi, barqarorligini ta’minlash va iste’molchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish; 

aholi uchun elektr energiyasi tariflarini belgilashda ijtimoiy himoya mexanizmlarini joriy etish hamda respublikaning barcha hududlarida 2035 yilga qadar aholiga elektr energiyasi yagona narx siyosati asosida sotilishini ta’minlash;

aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga elektr energiyasi ta’minotchilarini erkin tanlash huquqini berish; 

elektr energiyasining ulgurji bozorida narxning talab va taklif asosida erkin shakllanishini ta’minlash, kunlik savdosini yo‘lga qo‘yish hamda barcha xarid qilish va sotish operatsiyalarini onlayn savdo platformasi orqali amalga oshirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salohiyatidan keng foydalanish evaziga "yashil energiya" ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, 2023-2030 yillarga mo‘ljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasini 2023-2024 yillarda amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

Elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozori mexanizmlarini shakllantirishning bir bosqichidan keyingi bosqichiga o‘tish 2023-2030 yillarga mo‘ljallangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasida belgilangan shartlar to‘liq bajarilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

2024 yil 1 iyuldan boshlab elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish "O‘zenergosotish" AJtomonidan, magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish esa "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ tomonidan amalga oshiriladi.

"O‘zenergosotish" AJning vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji bozor mexanizmiga o‘tish davrida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilish hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga va yirik iste’molchilarga belgilangan tariflarda sotish;

elektr energiyasini onlayn savdo platformasida talab va taklif asosida shakllanadigan erkin narxda sotish; 

elektr energiyasining eksport va import operatsiyalarini shartnomalar asosida amalga oshirish; 

"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJning asosiy vazifalari esa quyidagilardan iborat bo‘ladi:

elektr energetika tizimining real vaqt rejimida ishonchli ishlashini va muvozanatini ta’minlash; 

tasdikdangan tariflar asosida magistral elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini uzatish xizmatlarini ko‘rsatish; 

magistral elektr tarmoqlarini tasdiqlangan dasturlar asosida rivojlantirish; 

qo‘shni mamlakatlarning energetika tizimlari bilan barqaror bog‘lanishni ta’minlash va parallel ishlash rejimlarini boshqarish. 

O‘zA