Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika sohasida ta’lim olish imkoniyati kengaymoqda
18:39 / 2025-07-24

O‘zbekistonda yoshlarni zamonaviy talablarga javob beradigan, yuqori malakali mutaxassislar sifatida tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, davlat grantlari va qulay o‘qish imkoniyatlarini kengaytirish orqali teng va ochiq shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi ta’lim muassasalaridan biri - Toshkent shahridagi “MEI” Milliy tadqiqot universiteti Federal davlat oliy ta’lim muassasasi filialida ta’lim jarayonlari yuqori saviyada tashkil etilgan.

Ayni paytda bu yerda qabul jarayonlari faol davom etmoqda.

Bu haqda mazkur filial dekani Baxtiyor Mamasoliyev quyidagilarni ma’lum qildi:

- Davlatimiz rahbarining 2019 yildagi tegishli qaroriga asosan mazkur filial tashkil etilgan bo‘lib, u energetika sohasidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Ayni vaqtda bu yerda kunduzgi ta’lim shaklida 7 yo‘nalishda 280 nafar, sirtqi ta’limda esa 6 yo‘nalishda 316 nafar, jami 596 nafar talaba tahsil olmoqda.

Filial 2025/2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilishni boshlagan. Kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi (50 o‘rin), elektr energetikasi va elektr texnikasi (50 o‘rin), iqtisodiyot (25 o‘rin), elektronika va nanoelektronika (25 o‘rin), sifatni boshqarish (25 o‘rin) yo‘nalishlarida o‘rinlar ajratilgan.

Shu bilan birga, muqobil (sirtqi) ta’lim shakli bo‘yicha ham qabul amalga oshiriladi. Xususan, issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi, elektr energetikasi va elektr texnikasi, iqtisodiyot yo‘nalishlarining har biriga 25 tadan o‘rin ajratilgan.

Aytish joizki, bu filialda talabalarning 30 foizi davlat granti asosida ta’lim oladi. Shuningdek, davlat byudjeti hisobidan mutlaqo bepul ta’lim olish imkoniyati ham mavjud. Bu esa ko‘plab yoshlar uchun ta’lim olishda moliyaviy yengillik yaratib, ularning kelajakda yuqori malakali mutaxassis bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi.

Hujjatlarni qabul qilish jarayoni boshlangan bo‘lib, abituriyentlar 15 avgustga qadar ariza topshirishlari mumkin. Bu imkoniyat energetika, iqtisodiyot va texnik yo‘nalishlarda bilim olishni maqsad qilgan yoshlar uchun muhim bosqich sanaladi.

“MEI” Milliy tadqiqot universiteti filialida ta’lim olish yoshlar uchun nafaqat zamonaviy bilim va amaliyotni o‘zlashtirish, balki davlat granti yoki byudjet hisobidan bepul ta’lim olish imkoniyatini ham taqdim etadi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish muvaffaqiyatli kasb va barkamol hayot sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.

N.Ziyodullayeva, O‘zA