Energiya resurslari har bir davlatning iqtisodiy taraqqiyoti va ijtimoiy barqarorligida hal qiluvchi ahamiyatga ega. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq har qanday tizimda samaradorlikka erishish uchun tartib-intizom, nazorat va qonuniylik asosiy talab hisoblanadi. Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi – “O‘zenergoinspeksiya” faoliyat yuritib kelmoqda.
Xo‘sh, 2025 yilning o‘tgan besh oyida inspeksiya qanday amaliy natijalarga erishdi? Ushbu masala yuzasidan “O‘zenergoinspeksiya” boshqarma boshlig‘i Botir Yoqubov bilan suhbatlashdik.
– Avvalo, 2025 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha umumiy ma’lumot bersangiz. Qaysi yo‘nalishlarda reja bajarildi, qaysi yo‘nalishlarda muammolar saqlanib qolmoqda?
– Tashkilotimiz faoliyati energetika sohasining barcha tarmoqlarini qamrab oladi. Shu bois ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Joriy yilning yanvar-may oylarida energiya resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, nazoratni kuchaytirish, fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, 1094 ta holatda 471,2 milliard so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish aniqlandi. Iste’molchilar tomonidan qoidalarni buzish holatlari bo‘yicha 1788 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi, 512 ta holatda 14,9 milliard so‘m miqdorida moliyaviy sanksiyalar qo‘llanildi.
Tekshiruvlar davomida 271,7 milliard so‘mlik qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. Ulardan 230 milliard so‘m elektr energiyasi, 26,2 milliard so‘m neft mahsulotlari, 8,8 milliard so‘m tabiiy gaz, 5,2 milliard so‘m suyultirilgan gaz va 1,5 milliard so‘m siqilgan gazga to‘g‘ri keladi.
– Bu holatlar qanday aniqlandi? Asosiy qoidabuzarliklar nimalardan iborat?
– Aniqlangan holatlarning ko‘pchiligi hisobga olish uskunalarini chetlab o‘tish, o‘zboshimchalik bilan ulanish va energiya to‘lovlarini qasddan chetlab o‘tish kabi holatlardan iborat.
Xususan, 214,3 milliard so‘mlik noqonuniy elektr energiyasi va 256,9 milliard so‘mlik tabiiy gazga oid qoidabuzarliklar qayd etildi. Tekshiruvlar natijasida 81 ta texnik brigada faoliyati to‘xtatildi, 38 nafar mas’ul shaxsga intizomiy chora ko‘rildi va 42 nafar xodim qayta attestatsiyadan o‘tkazildi.
– Iste’molchilarga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida qanday natijalar qayd etildi?
– 2025 yil boshidan 6594 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Ular asosan yangi ob’ektlarni elektr tarmoqlariga ulash, loyihalarni kelishish kabi masalalarni qamrab oladi. 4244 ta ob’ekt bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan, 2350 ta holatda esa texnik kamchiliklar tufayli rad etilib, qayta ishlashga yuborilgan.
Biz bu jarayonda faqatgina nazoratchi emas, balki maslahatchi sifatida ham faoliyat yurityapmiz. Tadbirkorlarga loyihadagi kamchiliklarni aniqlab, ularni to‘g‘rilashda yordam ko‘rsatmoqdamiz.
– Energiya samaradorligi yuzasidan qanday ishlar amalga oshirildi?
– Yirik korxonalarni qamrab olgan audit ishlari davom etmoqda. 1744 ta korxonada tahlillar o‘tkazildi va ularda o‘rtacha 20-26 foiz energiya tejash imkoniyati borligi aniqlandi.
Hozirda 155 ta korxonada audit boshlangan, 24 tasi yakunlangan. Natijada 2025-2026 yillarda 978,6 million kilovatt-soat elektr energiyasi, 1,1 milliard metr kub tabiiy gaz va 3519 tonna neft mahsulotlari tejalishi kutilmoqda.
– Reaktiv quvvat nima va bu borada erishilgan ko‘rsatkichlar nimalardan iborat?
– Reaktiv quvvat tizim samaradorligiga salbiy ta’sir etuvchi zararli yuklama hisoblanadi.
Shu sababli, 4923 ta iste’molchiga ko‘rsatma xatlari yuborildi va 4836 ta kompensatsiya qurilmasi o‘rnatildi. Natijada 32,9 million kilovatt-soat energiya tejaldi. Belgilangan talablarni bajarmagan iste’molchilarga nisbatan esa ma’muriy choralar ko‘rildi.
– Qonunbuzarliklarni oldini olish uchun profilaktik ishlar qanday tashkil etilgan?
– Biz faqat jazolash emas, balki tushuntirish, maslahat berish va ogohlantirishga ham katta e’tibor qaratamiz. Yil boshidan buyon 46 542 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Bu tadbirlar huquqbuzarliklarni kamaytirish bilan birga, aholi va tadbirkorlar ongini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, bizga kelib tushgan 856 ta murojaat bo‘yicha ham ishlar amalga oshirildi. Ulardan 271 tasi ijobiy hal etildi, 357 tasiga tushuntirish berildi, 143 ta murojaat boshqa tashkilotlarga yo‘naltirildi. Biz har bir murojaatni mas’uliyat va ishonch deb bilamiz va ularga hayotiy yechim topishga harakat qilamiz.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, энергетика sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish “O‘zenergoinspeksiya” faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridandir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZFhtNg6tMVo" title="Energetika sohasida samaradorlik va qonuniylikni ta’minlash – “O‘zenergoinspeksiya”ning ustuvor" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.