So‘nggi paytlarda energetika va yoqilg‘i ta’minoti sohasida aniqlanayotgan qoidabuzarliklar nafaqat iqtisodiy, balki jamoat xavfsizligiga ham tahdid solmoqda. “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan mamlakatning bir qator hududlarida olib borilgan nazorat ishlari davomida yoqilg‘i sifati, gaz infratuzilmasi holati va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu esa mas’ul idoralar faoliyatini kuchaytirish, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga esa keskin chora ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Jizzax viloyatida Zomin tumanida joylashgan “A.O.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli AYOQSHda AI-92 markali avtobenzin sifati davlat standarti talablariga javob bermasligi aniqlandi. Laboratoriya tahlillari natijasida uning sifati past ekani tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasining 940-sonli qonuni 43-moddasiga muvofiq, mazkur holat uchun 39,1 million so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi. Shuningdek, qoldiq holatda saqlanayotgan sifati past benzinni sotuvga chiqarmaslik va uning sifatini tiklash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Namangan viloyatida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan gaz quvurlari va gaz taqsimlash qurilmalarining texnik holati va ularda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari ko‘rikdan o‘tkazildi. O‘rganishlar jarayonida 102 ta gaz taqsimlash punktidan 31 tasida texnik kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, Uychi va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi 3 ta yuqori bosimli gaz taqsimlash qurilmasida baypas tarmog‘i muhrlanmagan, kirish-chiqish nuqtalardagi manometrlar esa davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holatlar yuzasidan tegishli mas’ullarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Andijon viloyatidagi nasos stansiyalarida esa katta miqdordagi moliyaviy qoidabuzarliklar aniqlandi. Izboskan tumanida joylashgan Nasos stansiyalari energetika boshqarmasi iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun haqiqiy ko‘rsatgichlar asosida hisobot taqdim etmasdan, noqonuniy foydalanib kelgan. Boshlang‘ich hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur holat tufayli elektr ta’minoti korxonasiga 352,5 million so‘m zarar yetkazilgan.
Shunga o‘xshash holat Baliqchi tumanidagi "Sirmoq" mahallasida joylashgan nasos stansiyasida ham kuzatilib, 121,4 million so‘m miqdorida zarar keltirilgani aniqlangan. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Mazkur holatlardan kelib chiqib, sohadagi mas’ul tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, qonunbuzarliklarni oldini olish va energetik xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan profilaktik chora-tadbirlarni kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA