Energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalarni samarali boshqarish, xarajatlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish va barcha jarayonlarni shaffof tarzda tashkil etish bugungi kunning dolzarb talablaridan biridir.
Xalqaro standartlarga mos mexanizmlarni joriy etish esa loyihalarda risklarni kamaytirish, aniq rejalashtirish va natijadorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda “O‘zbekneftgaz” AJ investitsion faoliyatni zamonaviy yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yish uchun “SASOL” kompaniyasi tajribasi asosida ishlab chiqilgan “Stage-Gate” modelini amaliyotga tatbiq etmoqda.
Ayni paytda “UzAssets” AJ tomonidan tasdiqlangan transformatsiyaning “Yo‘l xaritasi” doirasida “O‘zbekneftgaz” AJda loyiha boshqaruvini isloh qilish va yanada takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonda “Stage-Gate” metodologiyasi loyihaning har bir bosqichini aniq mezonlar asosida baholash, xatarlarni oldindan aniqlash va sarf-xarajatlarni optimal boshqarish imkonini beruvchi mexanizm sifatida tanlab olingan.
Jamiyat axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 24 sentyabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJ rahbarligi hamda xalqaro nufuzga ega “SASOL” kompaniyasi delegatsiyasi o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur metodologiyani joriy etish bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilingan.
– Ushbu uchrashuvda “SASOL” kompaniyasi o‘zining ko‘p yillik amaliyotda sinovdan o‘tgan loyiha boshqaruviga oid tajribalarini O‘zbekiston tomoni bilan baham ko‘rishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mazkur model asosida investitsion loyihalarni boshqarish tartibini belgilaydigan yangi nizom loyihasi ishlab chiqildi. Kecha “SASOL” mutaxassislari ishtirokida “Stage-Gate” modelini amaliy o‘rganishga bag‘ishlangan maxsus workshop tashkil etildi. Tadbirda energetika sohasidagi yetakchi kompaniyalar amaliyoti, zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va modelning natijadorlikka ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, modelni “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyatlari ham tahlil qilindi. Kelgusida xalqaro tajribalar hamda “SASOL” tavsiyalarini inobatga olgan holda modelni to‘liq joriy etish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinishi rejalashtirilgan, – dedi u.
Ta’kidlash joizki, zamonaviy boshqaruv modelining joriy etilishi “O‘zbekneftgaz” AJning investitsion faoliyatini xalqaro standartlarga yaqinlashtirib, xarajatlar samaradorligini oshirishga, risklarni minimallashtirishga va loyihalar natijadorligini yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Bu nafaqat kompaniya salohiyatini mustahkamlaydi, balki energetika sohasidagi islohotlarni amaliy mazmun bilan boyitadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA