“O‘zenergoinspeksiya”ning markaziy apparati va barcha hududiy boshqarma xodimlari ishtirokida tashkil etilgan yig‘ilishda joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor sohada qonun hujjatlari ijrosi va korrupsiyaning oldini olishga qaratildi. Xususan, sohada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar tanqidiy tahlil qilindi.
Unda yosh va tajribali xodimlar hamda rahbarlar birlashgan holda, tizimda korrupsiyaga imkon bermaslik va uning har qanday ko‘rinishlarining oldini olish choralari ko‘rilishi lozimligini qayd etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, barcha ishtirokchilar sohaga doir qonun hujjatlari yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni to‘g‘ri tashkil etish, shuningdek, yangi tartiblar va normativ hujjatlarni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Bu orqali barcha tekshiruvlar shaffof va ochiq tarzda amalga oshirilishi, korrupsiya uchun zamin yaratilmasligi ta’minlanadi.
Shuningdek, iste’molchilar orasida energiya resurslarini samarali ishlatish va talon-toroj holatlarining oldini olish maqsadida profilaktik targ‘ibot tadbirlari kuchaytirildi, shuningdek energetika ob’ektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Bu ham o‘z navbatida sohada korrupsiya va mablag‘lardan samarasiz foydalanish holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan hududiy boshqarmalar mas’ullarining hisobotlari eshitildi va kelgusida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA