Energetika vazirligida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida ishlash bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi.
Ushbu tadbirda Energetika vazirligi va “O‘zenergoinspeksiya” xodimlari ishtirok etib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishda foydalaniladigan “loyiha.adliya.uz” elektron platformasida ishlash bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamladi.

Seminarda ishtirokchilarga “loyiha.adliya.uz” platformasidagi ish jarayoni, unda hujjatlarni soddalashtirilgan va kengaytirilgan tartibda baholash, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish hamda zarur hisobotlarni tayyorlash bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirda Adliya vazirligi mas’ullari tomonidan amaliyotda uchrayotgan holatlar, mavjud imkoniyatlar va yangiliklar xususida tushuntirishlar berildi.

Energetika vazirligi yuridik bo‘limi boshlig‘i Farrux Sharipov seminar natijalari yuzasidan quyidagilarni ta’kidladi:
– Ushbu tadbir vazirlik va “O‘zenergoinspeksiya“ mutaxassislari uchun har tomonlama foydali bo‘ldi. Adliya vazirligi vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar orqali “loyiha.adliya.uz” platformasida samarali ishlash uchun kerakli bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. Shuningdek, seminar doirasida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi hamda platforma faoliyatini yanada yaxshilash borasida takliflarini bildirdi. Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar energetika sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini shakllantirishda zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, elektron tizimlar orqali shaffoflik va samaradorlikni ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi F.Sharipov.
N.Ziyodullayeva, O‘zA