O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Ar-Riyod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Saudiya Arabistoni Podshohligi energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon al-Saud bilan investitsiyaviy hamkorlik masalalarini va joriy yilning yanvar oyida Saudiya Arabistoni hukumati va ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tashrifi chog‘ida energetika sohasida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishini muhokama qildi.
Ta’kidlandiki, Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga turtki berib, qator sohalarda hamkorlikni yanada samarali yo‘lga qo‘yishga zamin yaratdi. Shu bilan birga, tomonlar energetika va kimyo sanoatining muhim investitsiya salohiyatiga ega ekanligini va umuman iqtisodiyotni rivojlantirishga sezilarli rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadigan tarmoqlar sifatida ustuvorligini o‘zaro ta’kidladilar.
Saudiya Arabistoni tomoni “ACWA Power”, “Sabic Corporation” va “Saudi Aramco” kabi Saudiya Arabistoni kompaniyalarining O‘zbekiston energetika va kimyo sanoatiga investitsiyalarni kiritishga qiziqishi Buxoro shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni biznes-forumi va O‘zbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha sezilarli darajada oshganligini ta’kidladi. Xususan, neft kimyosi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish va kimyo sanoati rivojlanishi uchun yuqori talabga ega bo‘lgan uglevodorodlarni qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ushbu sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha keyingi amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, yaqin kelajakda “B2G” va “B2B” formatlarida ikki tomonlama muzokaralarni, qo‘shma biznes-forumlar va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Muqobil energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Tomonlar Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekiston bozoridagi faoliyatida sezilarli yutuqlarga erishayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, vodorod va qayta tiklanadigan energiya sohasida qo‘shma tadqiqotlar tashkil etish hamda bu yo‘nalishda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishishda O‘zbekistonga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida muhokama etilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.