English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika sohasi uchun malakali kadrlar zarur
12:01 / 2026-01-14

Energetika tarmog‘i – yuqori aniqlik va katta mas’uliyat talab etadigan strategik soha hisoblanadi. Zamonaviy energetika tizimi esa nafaqat yuqori texnologiyalar, balki birinchi navbatda, shu texnologiyalarni boshqara oladigan malakali kadrlar demakdir.

Bugungi kunda mamlakatimiz energetika tarmog‘i, xususan, energota’mir tizimi yuqori texnologik o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Raqamlashuv, texnologik taraqqiyot va globallashuv jarayonlari sifatli xizmat ko‘rsatish bozorida mutlaqo yangi talablar va standartlarni shakllantirmoqda. Bu esa sohada nazariy bilimga ega bo‘lish bilan birga, zamonaviy uskunalar bilan samarali ishlay oladigan, yangicha fikrlaydigan malakali kadrlarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. 

Mamlakatimizning energetika inshootlarini sifatli ta’mirlash va sozlashda yetakchi bo‘lgan “O‘zbekenergota’mir” AJ qoshidagi O‘quv markazi ham bugungi kunda soha mutaxassislarini tayyorlovchi o‘ziga xos “intellektual hab”ga aylanmoqda. Bu yerda tizimdagi muhandis-texnik xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari aniq belgilangan nizomlar va yillik rejalar asosida tizimli ravishda amalga oshiriladi. 

Markazda beriladigan kasbiy ko‘nikma va ta’lim amaliyot bilan uyg‘unlashgan. Korxonaning ishlab chiqarish bazasi hududida joylashgan maxsus tayyorlangan maydonlarda xodimlar nazariy bilimlarini bevosita amaliyotda sinab ko‘radi. Bu infratuzilma nazariy bilimni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirgan holda, “o‘qish – sinash – qo‘llash” tamoyili asosida ta’lim berish imkonini yaratadi. 

Nazariy mashg‘ulotlarni o‘tkazishga energetika sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis Q.Jalilov jalb etilgan bo‘lsa, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishda korxonaning tajribali sex rahbarlari va ustalari “ustoz – shogird” an’anasi asosida saboq berib kelmoqda. O‘quv markazi mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, xalqaro institutlar, sohaviy agentliklar bilan ham hamkorlik qiladi. 

Respublika kasbiy ko‘nikmalar markazi bilan “Ishlab chiqarish sohalarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish” maqsadida o‘zaro hamkorlik memorandumining imzolangani ham mehnat faoliyatini energetika tizimida davom ettirish istagida bo‘lgan ta’lim oluvchilarga katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, kasbiy ko‘nikmalar markazlari bilan hamkorlikda energota’mir tizimida dual ta’limni joriy etish – sifatli kadrlar tayyorlashning eng istiqbolli yo‘lidir. 

Markazning hududiy uchastkalardan kelib tushgan takliflar asosida ishlab chiqilgan umumiy yillik o‘quv rejasi 25 dan ortiq ishlab chiqarish yo‘nalishlarini qamrab olgan. Uning birgina 2025 yildagi faoliyatining ko‘rsatkichlari tahlil qilinadigan bo‘lsa, markazda ichki o‘quv kurslari orqali 178 nafar xodim tayyorlandi.

Kadrlar salohiyatini yanada oshirish maqsadida 2025 yilda 49 nafar xodim tashqi o‘quv markazlarida ta’lim oldi. Shu bilan birga, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish to‘g‘risidagi Nizomga asosan tashkil etilgan malaka komissiyalari tomonidan 2025 yilda 136 nafar xodim kasb darajasini oshirish bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. 

Muxtasar qilib aytganda, “O‘zbekenergota’mir” AJ qoshidagi O‘quv markazi – bu shunchaki ta’lim maskani emas, balki energetika sohasining intellektual va kasbiy tayanchi hisoblanib, malakali kadrlarning energetika ob’ektlarida barqaror ishlashi, texnik xavfsizlikning ta’minlanishi va zamonaviy texnologiyalarning samarali joriy etilishiga xizmat qiladi. 

Sarvar Umarov, 

“O‘zbekenergota’mir” AJ O‘quv markazi kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i. 

O‘zA.