Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika sohasi rivojida malakali kadrlar tayyorlash ustuvor vazifaga aylanmoqda
17:35 / 2025-05-20

Mamlakatimiz energetika sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash mazkur tarmoq rivoji va barqaror taraqqiyotining asosiy omillaridan biridir. Keyingi paytda hukumatimiz tomonidan bu borada ilg‘or ta’lim dasturlari, amaliy mashg‘ulotlar va xalqaro hamkorlik asosida kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, zamonaviy energiya texnologiyalarini o‘zlashtirgan, innovatsion yondashuvga ega mutaxassislar yetishib chiqishi orqali soha samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.

Bugun Toshkent shahridagi “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialida o‘tkazilgan anjumanda ham aynan shu masalalar muhokama etildi. 

Mahalliy va xorijiy soha mas’ullari, mutaxassislar hamda talabalar ishtirok etgan ushbu tadbirda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi kunda barcha sohalar qatori energetika sohasida ham malakali kadrlarni tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz energetika sohasini rivojlantirishda “yashil” energetika yo‘nalishini kengaytirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarining quvvatini oshirish kabi bir qator muhim maqsadlar belgilangan. Energetika tizimida generatsiya quvvatlari bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun yetarli miqdorda bitimlar imzolangan. Bunda ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish va salohiyatli kadrlar tayyorlash muhim hisoblanadi. 

[gallery-23463]

–Energiya ta’minotining barqarorligini ta’minlashda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishonchli integratsiya qilish, zamonaviy energiya saqlash tizimlarini joriy etish, tarmoqni raqamli va avtomatik boshqarish, uzatish va taqsimlash imkoniyatlarini kuchaytirish hamda eksport hajmini oshirish kabi ustuvor vazifalar belgilab qo‘yilgan. Quyosh va shamol energiyasidan foydalanishda yangi texnologiyalarni joriy etish hamda energiya saqlash tizimlarining ishga tushirilishi zamonaviy energetika infratuzilmasini shakllantirishda hal qiluvchi omildir. Ushbu maqsadlarga erishishda esa yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Energetika sohasi uchun tajribali, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirgan kadrlarni yetishtirish bugungi kunda strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, ta’lim muassasalarida amaliy va nazariy tayyorgarlikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikda kadrlar salohiyatini oshirish, zamonaviy laboratoriyalar va simulyatsiya muhitlarini yaratishga katta ahamiyat berilyapti. Bu borada xalqaro hamkorlik va xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular energiya sohasida yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etishda faol ishtirok etmoqda. Bugun ushbu filialda tashkil etilgan tadbirning maqsadi ham shunday talablar ijrosiga qaratilgan, – dedi U.Mamadaminov.

Anjuman davomida mutaxassislar ishlab chiqarish bilan o‘zaro uzluksiz integratsiyani o‘rnatish, ta’lim sifatini oshirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga erishish masalalarida fikr almashdi. 

– Prezidentimizning 2019 yil 4 iyundagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahridagi “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialining tashkil etilgani ham ushbu yo‘ldagi muhim qadamdir. Bunday tadbirlar nafaqat professor-o‘qituvchilar, balki talabalar uchun ham nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi, – dedi mazkur filial dekani Baxtiyor Mamasoliyev. 

Shuningdek, konferensiya doirasida Energetika vazirligi tasarrufidagi tashkilotlar faoliyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Tadbirda elektr energetikasi va elektr texnikasi qurilmalariga oid ko‘rgazmali stendlarning tashkil etilishi ishtirokchilar uchun har jihatdan foydali bo‘ldi.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA