Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» axborot xizmati ma’lum qildi. Unda qayd etilishicha, mazkur inspeksiya xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga rioya etish, baxtsiz hodisalarning oldini olish, mehnat intizomiga rioya qilgan holda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish hamda ish joylarini to‘g‘ri tayyorlash va xavfli ishlab chiqarish vaziyatlarining oldini olishni tartibga solish maqsadida doimiy nazorat tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Xususan, joriy yilning 6 oyi davomida 210 ta korxona faoliyatida 1 ming 118 ta qoidabuzilish holati aniqlangan. Shuningdek, ushbu aniqlangan qoidabuzilishlar yuzasidan 407 ta ko‘rsatma berilib, 380 soha xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rildi.
O‘rganishlar davomida xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga hamda mehnat intizomiga rioya qilmagan holda ishlarni noto‘g‘ri tashkil etgan 35 ta brigada ish faoliyati to‘xtatilgan.
Ma’lumki, energetika ob’ektlarida qurilmalar, ishlab chiqarish binolari va xavfsiz hamda samarali ekspluatatsiya qilishni ta’minlash, shuningdek, ularni ishga yaroqli holatda saqlab turishga doir qonun-qoida talablari mavjud.
Mazkur belgilangan talablarni bajarishga va qoidalarga amal qilish har bir soha xodimining asosiy majburiyatidir, deyiladi xabarda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA