Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika ob’ektlarida barqaror ishlash uchun tizimli tayyorgarlik amalga oshirilmoqda
17:56 / 2025-04-15

Yurtimizda kuz-qish mavsumini barqaror va muvaffaqiyatli o‘tkazish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash davlat siyosati darajasida muhim vazifa hisoblanadi.

Shu maqsadda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalarda 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.

Ayni paytda Toshkent issiqlik elektr stansiyasida 3-sonli an’anaviy energoblokqa qarashli 3-transformatorda nazorat va profilaktika ishlari amalga oshirildi. Jumladan, transformatordagi elektr o‘lchovlari ko‘zdan kechirildi, izolyatorlari tozalandi, moy sathi tekshirilib, elektr sinov o‘lchovlari ham o‘tkazildi. Bu ishlar mavsum davomida uskunalarning barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, stansiyadagi har bir qurilmaning texnik holati mutaxassislar tomonidan doimiy nazoratga olingan. 

Shuningdek, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 450 MVt quvvatga ega 2-sonli bug‘-gaz qurilmasida ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ishlar jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda. Ushbu jarayonga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda Yaponiyaning “Mitsubishi Generator” kompaniyasi vakillari ham jalb etilgan. Unda aniqlangan kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilyapti. Eng muhimi, bu ishlar asosiy ishlab chiqarish jarayonlariga xalaqit bermagan holda amalga oshirilmoqda. 

Muborak issiqlik elektr markazida elektr sexi mutaxassislari tomonidan 220 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalarida reja asosida profilaktika va bo‘yoqlash ishlari amalga oshirilyapti. Uskunalarda aniqlangan kamchiliklar tezda bartaraf etilmoqda, moy sathi me’yorlashtirilmoqda. Asosiy e’tibor tizimning belgilangan standartlar asosida barqaror ishlashiga qaratilayotir. 

Xulosa shuki, kuz-qish mavsumida aholini barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash energetika sohasining ustuvor vazifasi bo‘lib qolmoqda. Shu bois, issiqlik elektr stansiyalari va ularga qarashli ob’ektlarda olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari nafaqat mavsumiy ehtiyojni qondirish, balki uzoq muddatli ishonchli faoliyatni ta’minlashga ham xizmat qiladi. 

N. Ziyodullayeva, O‘zA