Energetika sohasi mamlakat iqtisodiyoti barqarorligi va aholi turmush farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu sohaning izchil rivojlanishi, avvalo, yuqori malakali, o‘z ishiga sadoqat bilan yondashadigan, mas’uliyatli va fidoyi kadrlar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq.
Shu sababli, energetika tizimida samarali mehnat qilayotgan mutaxassislarni rag‘batlantirish, ularning xizmatlarini e’tirof etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham ulardan biridir.

Inspeksiya boshlig‘i Dadajon Isaqulov boshchiligida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda joriy yil davomida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ijrosi, belgilangan vazifalarning bajarilishi, mavjud muammolar hamda bugungi kundagi tig‘iz ish jarayonlari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, ish faoliyatini yanada takomillashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va tizim samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Ta’kidlanganidek, energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, eng avvalo, joylardagi nazorat ishlarining shaffofligi, mas’ul xodimlarning kasbiy salohiyati va intizomiga bog‘liq. Shu bois, tizimda faoliyat yuritayotgan har bir mutaxassisdan o‘z vazifasiga yuksak mas’uliyat bilan yondashish, qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan ishlashda ochiqlikni ta’minlash talab etilishi alohida qayd etildi.

Tadbir yakunida energetika sohasida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilib kelayotgan, o‘zining boy bilim va tajribasi bilan yosh mutaxassislarni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shgan mehnatkash faxriylar, shuningdek, tizimda faoliyat yuritayotgan bir guruh tashabbuskor va faol xodimlar alohida e’tirof etildi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur tadbir sohada mehnat qilayotgan xodimlarning ishga bo‘lgan qiziqishi va mas’uliyatini yanada oshirish, jamoada o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA