MDH elektr energetika kengashi ijro qo‘mitasiga a’zo davlatlarning Energetika nazorati organlari hamkorligini muvofiqlashtirish komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Onlayn tarzda tashkil etilgan yig‘ilishda Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari soha mas’ullari hamda O‘zbekistondan “O‘zenergoinspeksiya” vakillari ishtirok etdi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmatining xabar berdi.
So‘ngi yillarda O‘zbekistonda elektr energetikasi tarmog‘ini yanada rivojlantirish orqali iqtisodiy o‘sishning barqarorligini va aholi farovonligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda energetika tizimida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilashga xizmat qilyapti.
– Mazkur anjuman mamlakatimizda energetika sohasidagi islohotlarga, jumladan, elektr energiyasi hosil qilish, uzatish, taqsimlashda va energetika ob’ektlarida ularni ekspluatatsiya qilish hamda texnik xizmat ko‘rsatishda xavfsizlik masalalarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi, – deydi “O‘zenergoinspeksiya” boshqarma boshlig‘i Shukurali Subanov. – Hozirgi kunda energetika tizimida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilashga xizmat qilayapti. Shuni ta’kidlash joizki, infratuzilmani rivojlantirish iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlaydigan muhim omildir. O‘zbekiston ham energetika sohasida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish uchun ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganishga, bu borada jahonda o‘z o‘rniga ega tuzilmalar bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Boshqacha aytganda, sinovdan o‘tgan xorijiy tajribadan andoza olib, rivojlanish ko‘zda tutilgan.
Tadbir yakunida nazorat-tahlil davomida aniqlangan muammolarning yechimini topish borasida ishtirokchilar tomonidan berilgan taklif-mulohazalar muhokama qilindi.
O‘zA