Bugun Energetika vazirligida “Energetika yo‘nalishidagi yirik loyihalarda elektrotexnika sanoati korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash” mavzusida loyiha tashabbuskorlari va energetika tizimi korxonalari o‘rtasida ko‘rgazmali uchrashuv o‘tkazildi.
Unda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi Mirziyod Yunusov hukumatimiz tomonidan ushbu sohalarga qaratilayotgan e’tibor tufayli energetika va elektrotexnika yo‘nalishlari rivojlanish bosqichiga chiqqani, bu jarayonda chel ellik investorlarni jalb qilish borasida mamlakatimizda yaratilayotgan imtiyozlar ular tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarda muhim huquqiy mezon bo‘layotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 5 sentyabr kuni elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiya oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida energetika, qurilish, suv xo‘jaligi, avtomobilsozlik yo‘nalishlarida elektrotexnika mahsulotlariga bo‘lgan talab kun sayin oshib borayotgani sababli vazirlik va idora rahbarlari oldiga mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
[gallery-19322]
Shundan kelib chiqib, mazkur uchrashuvda respublika bo‘ylab energetika tarmoqlari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar doirasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinar ekan, bu yo‘nalishdagi xususiy sherikchilik loyihalarida mahalliy tovarlar ulushini 25 foizga, kabel-o‘tkazgichlarda esa 70 foizga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilganiga urg‘u berildi. Unga asosan “Masdar”, “ACWA Power” va “China Gezhouba Group” kompaniyalari bilan 2023-2024 yillarda qiymati 30 million dollarlik sharnomalar tuzilib, bugungi kunga qadar 26,4 million dollarlik mahsulotlar yetkazib berilgan. Bu esa kelgusi yillarda 100 million dollarlik importni optimallashtirishga erishilishini ko‘rsatmoqda. Tadbirda bu bilan ishlar to‘xtab qolmasligi, ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotgani, hali tizimda qator muammolar mavjudligi ta’kidlab o‘tildi.
–Bizning korxona energetika ob’ektlarini loyihalash, qurish va ishga tushirish yo‘nalishlari bilan shug‘ullanadi, –dedi Toshkent shahridagi “Abrest energy engineering” kompaniyasi bosh direktori Baxtiyor Gaziyev. – Biz mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan va qurilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarida ishtirok etyapmiz. Bugungi kunda uchta 500 megavattli va bitta 220 megavattli quyosh elektr stansiyasini loyihalash ishlarini olib boryapmiz. Ishga tushirilganlaridan ikkita 500 megavattli, ikkita 220 megavattli, bitta 100 megavattli quyosh hamda 500 megavattli shamol elektr stansiyasida qurilish-montaj ishlari, shuningdek, ularni O‘zbekiston yagona elektr tarmog‘iga qo‘shish va ishlab chiqarish jarayonlarida texnik qo‘llab-quvvatlab kelyapmiz. Bugungi tadbir biz uchun kelgusi hamkorlik uchun muhim maydon bo‘ldi.
Aytish kerakki, bugungi kunda energetika, qurilish, suv xo‘jaligi, avtomobilsozlikda elektrotexnika mahsulotlariga talab kun sayin oshib bormoqda. Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilyapti. Shunga asoslanib, tadbirda davlat investitsiya dasturlari va yirik loyihalar bo‘yicha “mahalliy kontent”ni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar tahlil qilindi. Yirik loyihalarning qurilishi uchun zarur bo‘lgan kabel-sim mahsulotlari, quchlanish qurilmalari, quyosh panellarini mahalliy korxonalar bilan shartnoma tuzgan holda yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi. Loyiha tashabbuskorlarining talab va istaklari tinglandi.
“China Energy Engineering Corporation” (CEEC) kompaniyasining mamlakatimizdagi ofisi direktori Ven Bin xorijiy investorlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
–Mamlakatingizda energetika sohasi rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu biz, chet ellik tashabbuskorlar uchun yurtingizda loyihalarimizni tatbiq etishga qulay sharoit yaratadi. Ayniqsa, bunda O‘zbekiston hukumati tomonidan investorlarga yaratilayotgan imtiyozlarni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Uchrashuvga kelsak, bu bizga mahalliy ishtirokchilar bilan muloqot qilish imkonini berdi, – dedi Ven Bin.
Shuningdek, uchrashuvda tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish orqali mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va bu orqali import mahsulotlarini qisqartirishga erishish masalalari ta’kidlab o‘tildi.
Vazirlik va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmali uchrashuvda kabel-sim, quyosh panellari, kuchlanish qurilmalari va boshqa qurilish uchun zarur elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 20 dan ortiq yirik tadbirkorlik sub’ekti o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA