AOKAda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Raqamli O‘zbekiston – 2030" strategiyasi asosida olib borilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030" strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Prezident farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida jamiyat tomonidan “Raqamli transformatsiya” dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur doirasida elektr stansiyalari faoliyatini markazlashgan holda masofadan onlayn nazorat qilish maqsadida Situatsion-monitoring markazi tashkil etildi.
– Markaz tomonidan real vaqtda issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoni onlayn monitoring qilinmoqda. Elektr energiyasi ishlab chiqarilishi uchun shartli yoqilg‘i sarfi va uning zaxirasi nazorati yuritilmoqda. Avariyaviy holatlarning oldini olish maqsadida stansiyalarda tashkil etilgan mas’ul xodimlardan iborat kunu tun faoliyat yurituvchi operativ navbatchilik guruhlari ishini muvofiqlashtirish ishlari ham ushbu markaz vazifasi hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, iste’molchilarga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish, elektr va issiqlik energiyasi narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 2022 yilda yoqilg‘i sarfini kamaytirish, operatsion samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida mahsulot tannarxi 1,36 trillion so‘mga pasaytirildi. Bunda belgilangan reja 118,3 foizga bajarildi. Shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida moliya-buxgalteriya hisobini yuritish, omborlarda tovar-moddiy boyliklarning harakatini muvofiqlashtirish, shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarini avtomatlashtirish va kadrlar ish samaradorligini yuritish maqsadida 1:S “enterprice” platformasi asosida raqamlashtirilgan ishlash tizimi tashkil etilgan, –dedi M. Bekmuhammedov.
Brifingda korxonalarda tovar-moddiy resurslardan samarali foydalanish, ularning harakatini kuzatish bo‘yicha soliq organlarining “Ye-aktiv” (E-ombor) avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilganiga urg‘u berildi. Ushbu raqamlashtirilgan tizim vositasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning tarkibiga kiruvchi barcha korxonalarda tovar-moddiy resurslar harakatining onlayn hisobini yuritish, ulardan noqonuniy foydalanishning oldini olish imkoniyati yaratilgan.
Hozirgi kunda jamiyat va uning tizim korxonalarida moliyaviy, xo‘jalik va tashkiliy jarayonlarni monitoring qilish hamda boshqarish tizimi (ERP) hamda raqamlashtirish texnologiyalari elektr stansiyalarida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tizimi joriy etilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA