Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetik ichimliklarga 1 litr uchun 2 000 so‘m aksiz solig‘i joriy etilishi mumkin
16:49 / 2023-12-14

2024 yil 1 apreldan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i “zanjiri”ni ta’minlash hamda soliq ma’murchiligida yuzaga kelgan ayrim muammolarni bartaraf qilish maqsadida dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiy va veterinariya xizmatlari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, aholi uchun ichimlik suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya tozalash, issiqlik ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol darajali stavkasini bekor qilish nazarda tutilmoqda.  

Ushbu o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  

Qonun loyihasiga ko‘ra, Soliq kodeksining 44 ta moddasiga, bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.  

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan aksiz solig‘i stavkalari indeksatsiya qilinayotgan bo‘lib, 2024 yil 1 yanvardan filtrlangan va filtrsiz sigaretalar hamda boshqa tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 12 foiz, 2024 yil 1 iyuldan respublikada ishlab chiqarilgan alkogolli mahsulotlar uchun 5 foizga oshirilmoqda.  

Tarkibida shakar yoki boshqa shirinlantiruvchi va (yoki) xushbo‘ylashtiruvchi moddalar qo‘shimchalari bo‘lgan mineral va gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga 1 litr uchun 2 000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilmoqda. Ushbu soliq turi bo‘yicha tushumlar to‘liq holda Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.  

Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘ining bazaviy stavkalari, shuningdek, kon-kimyo xom ashyosi va noruda qurilish materiallari uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 12 foizga indeksatsiya qilinmoqda. Shuningdek, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun qariyb 4 baravarga pasaytirilib, 6 000 so‘m miqdorida (amalda 22500 so‘m) belgilanmoqda. Ko‘mirdan foydalanuvchi zavodlar uchun soliq stavkasini 50 foizga kamaytirish tartibi bekor qilinmoqda.  

Muhokamalarda fraksiya a’zolari aksiz solig‘i stavkalaridan tushadigan mablag‘lar Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishini qo‘llab-quvvatladilar. Shuningdek, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol darajali stavkasi bekor qilinishi fuqarolarning suvga, tabiatga bo‘lgan ehtiyotkorona munosabati, mas’uliyati oshishiga ko‘maklashishini qayd etdi.  

 Muhtarama Komilova, O‘zA