Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endokrinologga uchrashishni paysalga solmang!
20:23 / 2021-12-11

Vazn o‘zgarishi, bo‘yin sohasida noqulaylik, tez-tez kayfiyat buzilishi, sochlar va tirnoqlarning mo‘rtligi, tana haroratidagi o‘zgarishlar, terining haddan ortiq quruqlashishi, hazm tizimida muammolar va yurak ritmida o‘zgarishlar tanamizdagi biz doim ham e’tibor qaratmaydigan belgilardir.

Shifokorlar fikriga ko‘ra, sog‘lig‘imizdagi biz ahamiyat bermaydigan aynan mana shu o‘zgarishlar aslida hayotimiz uchun katta xavfni keltirib chiqarar ekan.

 Ta’kidlanishicha, qalqonsimon bez inson vujudidagi ichki sekretsiya bezlari orasida eng yirigi va muhimlaridan biri bo‘lib, unda ishlab chiqariladigan turli gormonlar vujudga ovqat bilan yod unsuri kirib turgandagina me’yorda bo‘ladi. Yod tanqis bo‘lsa muvozanat buzilib, barcha a’zo va tizimlar faoliyati buziladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘yicha 665 milliondan ortiq odam endemik bo‘qoq va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklaridan aziyat chekmoqda. 1,5 milliard inson esa yod tanqisligi kasalliklari rivojlanish xavfiga ega. Tahlillarga ko‘ra, dunyoda qalqonsimon bez kasalliklarining ko‘payishi yiliga 5 foizni tashkil qilmoqda.

– Tanamizda sodir bo‘layotgan har bir o‘zgarishlarga e’tiborsizligimiz jiddiy oqibatlarga olib kelishi hech gap emas, – deydi mutaxassis shifokor Ochil Elmurodov. – Kasallik gormonlarning yetarli ishlab chiqarilmasligi va ortiqcha ishlab chiqarilishi bilan bog‘liqdir. Muammo bartaraf etilmasa, u yurak xastaliklariga, homiladorlik va tug‘ruq og‘ir asoratlar bilan kechishiga, homila tushishiga, ba’zi holatlarda komaga olib keladi. Odam bolasi kuchsiz qalqonsimon bez bilan tug‘ilishi ham mumkin. Yodning kundalik extiyojining me’yoriy mikdoridan ortik kabul kilinishi gipertireozning (kalkonsimon bez faoliyatining ortib ketishi) rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Hozirgi kunda dorixonalarimizda sotilayotgan yodmarin, yodaktiv va yodid dorilari  har kuni kabul kilishga mo‘ljallangan dorilar bo‘lib, ulardan yod miqdori etiketkalarida 25,50-100-200 mkg sifatida ko‘rsatilgan. Har qanday holatda endokrinologga uchrashishni paysalga solmaslik lozim.

bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlashni isloh qilish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida aholiga endokrinologiya yordamini ko‘rsatishning integratsiyalashgan tizimi yaratildi. Endokrinologiya muassasalarini yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash va endokrin kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish hamda davolashning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, endokrinologiya xizmatini yanada rivojlantirish epidemiologik vaziyatni baholash hamda qandli diabet va yod tanqisligi holati yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilishni, shuningdek, endokrinologiya yo‘nalishlarini bolalar endokrinologiyasining talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda. Zamonaviy tibbiyot muvaffaqiyatlariga qaramay, bugungi kunda endokrin kasalliklar dunyoning aksariyat mamlakatlari, shu qatorda O‘zbekiston uchun ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida  joriy 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aynan endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va qamrovini oshirish chora-tadbirlari xususida so‘z bordi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 14 ta filiali moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Bu filiallarda maxsus bo‘limlar tashkil etilgani bois bugungi kunda respublika markaziga aholidan kelib tushgan murojaatlar 2 barobarga kamaydi. Ya’ni, qariyb 5 ming nafar fuqaroning ovoragarchiligi va ortiqcha xarajatlarning oldi olinishiga kelishildi.  Har yili 80 ming nafar bemor insulin bilan bepul ta’minlanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi yod yetishmaydigan hududda yashaydi. Oqibatda, qalqonsimon bez kasalligi ko‘p uchraydi. So‘nggi besh yilda endokrin kasalliklar 20 foizga ortib, yoshlar orasida ham ko‘paygan. Umuman, o‘tkazilgan xatlovlar natijasiga ko‘ra, yurtimiz bo‘yicha 2 million aholining 6 foizida bu kabi kasalliklar aniqlangan.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, avvalo, oilaviy va endokrin shifokorlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan tibbiyot brigadalari, hamshira ko‘rigi xonalari va Salomatlik maktablari roli kuchaytiriladi. Masalan, birlamchi shifokor ko‘rigi jarayonida 10 turdagi tahlilni yo‘lga qo‘yish orqali viloyat markazlariga murojaatlarni 50 foizga qisqartirish mumkin.

Shuningdek, endokrin kasalliklarni erta aniqlash maqsadida kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi yiliga kamida bir marta manzilli skiringdan o‘tkaziladi. Endokrin kasallik aniqlangan aholining yagona elektron reyestri ishga tushiriladi. Har bir tibbiyot brigadasi ekspress-testlar o‘tkazish uchun glyukometr bilan ta’minlanadi.

Kelgusi yil 1 iyuldan homilador va bola emizuvchi ayollar, 3-15 yoshdagi bolalarga bepul yod preparati beriladi. Qandli diabet uchun metformin dorilari 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga bepul tarqatiladi. Mahalladagi bemorlar va diabetga moyilligi bor aholiga kasallikni boshqarish o‘rgatiladi. Jumladan, tumanlarda eng zarur laboratoriya tekshiruvlarini yo‘lga qo‘yish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarni 5 tadan 17 taga yetkazish va respublikaga murojaatlarni 20 foizga kamaytirishga erishish mumkin.

Tumanlarda oilaviy va markaziy poliklinika, markaziy shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi laboratoriyalari maqbullashtirilib, tunu-kun ishlaydigan markaziy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ular oilaviy poliklinika va shifokor punktlaridan materiallarni yig‘ib olish uchun transport vositalari bilan ta’minlanadi. Kelgusi yil davomida laboratoriyalardagi 1 mingdan ziyod shifokorlar va 3 mingdan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasi oshiriladi.

Endokrinologiya markazining tumanlararo bo‘limlari soni hozirgi 29 tadan 50 taga yetkazilishi belgilandi. Hududlardagi filiallar yangi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 15 tadan 40 tagacha yetkaziladi. Endokrinologiya markazi ilmiy-innovatsion muassasaga aylantiriladi. Ilmiy tadqiqot ishlariga xorijdan mutaxassislar jalb etiladi. Markaz shifokorlarining chet elda malaka oshirishi ta’minlanadi.

Har bir insonga salomatlikdan ko‘ra muhimroq narsa yo‘q. Xastaliklardan saqlanish, salomatlikni asrash va mustahkamlash loqaydlikdan saqlanishni talab etadi.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA