Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endilikda valyutaviy fyuchers kontraktlari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish mumkin
14:19 / 2022-10-04

O‘zbekiston Respublika valyuta birjasida ilk bor valyutaviy fyuchers kontraktlari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Ichki valyuta bozoridagi ushbu yangilik Markaziy bank va O‘zRVB bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston Respublika valyuta birjasida valyutaviy fyuchers operatsiyalarining joriy etilishi, O‘zRVB mobil ilovasi hamda likvidlik provayderlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi taqdimotda ta’kidlab o‘tildi. 
 
Shu bilan birga, tadbirda valyutaviy fyuchers kontraktlari, uni joriy etishdagi ahamiyatli jihatlar, “UZCE mobile GB” mobil ilovasining bozor ishtirokchilari uchun qulayliklari xususida ham atroflicha so‘z yuritildi. 
 
Ma’lumot o‘rnida, valyutaviy fyuchers kontrakti – ma’lum bir miqdordagi valyutani (bazaviy aktiv) bitim tuzilgan kundagi kelishilgan narx bo‘yicha kelgusida aniq bir kunda sotish yoki sotib olish shartnomasidir. 
 
Valyutaviy fyuchers kontraktlarining joriy etilishi o‘z navbatida valyuta bozorida yangi turdagi instrumentlarning paydo bo‘lishiga hamda bu orqali korxonalarning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashqi shoklar ta’sirini yumshatishga imkoniyat yaratadi. 
 
O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi savdolari ishtirokchilariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida “UZCE mobile GB” mobil ilovasi ishga tushirildi. 
 
Mazkur mobil ilovaning joriy etilishidan asosiy maqsad, treyderlarga O‘zRVBdan va ish joyidan tashqarida davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish va sotib olishda masofaviy ishtirok etish imkoniyatini berish, davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga oid birja ma’lumotlari va yangiliklaridan xabardor bo‘lish, davlat qimmatli qog‘ozlari savdo jarayonlarini yanada faollashtirishdan iborat. 
 
“UZCE mobile GB” mobil ilovasidagi mavjud imkoniyatlar davlat qimmatli qog‘ozlari bozoridagi auksionlar parametrlariga oid ma’lumotlarni ko‘rish, kiritilgan buyurtmalarni bekor qilish, davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish yoki sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzish, REPO bitimlarini amalga oshirish va ularning natijalarini ko‘rish, birja ma’lumotlari – kotirovkalar, birja yangiliklari va tahliliy materiallarni yoki ushbu bozorga oid boshqa birja ma’lumotlarini olish kabi afzalliklarni yaratishga xizmat qiladi. 
 
Tadbir doirasida provayder banklar va O‘zRVB o‘rtasida shartnomalar imzolash hamda fyuchers kontraktlari bilan test savdolari bo‘yicha o‘tkazilgan turnir g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. 


Shahnoza Mamaturopova, O‘zA