English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endilikda tutzorlar mahalliy hokimliklar aralashuvisiz xatlovdan o‘tkaziladi
16:23 / 2021-10-29

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil bahor mavsumida respublikamiz bo‘ylab 67,5 million tup tut ko‘chati ekildi. 2 ming 727,6 gektar yangi tutzor barpo etilib, jami tutzorlar 53 ming gektarga yetkazildi.

Mazkur tutzorlarni kengaytirish va parvarishlash, undagi muammolarni bartaraf etishga “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi mas’ullik qiladi.  

 Ayni kunlarda yakka qator tut daraxtlari va mavjud tutzorlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Shunga ko‘ra, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasida “O‘zdaverloyiha” instituti bilan hamkorlikda videomuloqot bo‘lib o‘tdi.  

 Unda respublikamizdagi barcha tumanlarda yakka qator tut daraxtlari va mavjud tutzorlarni mahalliy hokimliklar aralashuvisiz xatlovdan o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Bundan asosiy maqsad yakka qator tut daraxtlari va mavjud tutzorning geoaxborot bazasini yaratish va yagona tizim orqali doimiy nazorat qilishdir. Shu orqali mavjud tutzorlardagi noqonuniy qurilishlar va boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan holatlar bo‘yicha  haqiqiy ma’lumotga ega bo‘linadi.  

Xatlov o‘tkazish jarayonlarida “O‘zdaverloyiha” instituti mutaxassislari bilan birgalikda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi viloyat va tuman “Agropilla” MCHJ hamda pillani qayta ishlash korxonalari mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tashkil qilish, ularning ish boshlash grafiklari kelishib olindi.    

Viloyat va tuman “Agropilla” MCHJlari hamda pillani qayta ishlash korxonalari rahbarlariga joriy yil kuz mavsumida “Tut ko‘chati ekish oyligi”ni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, har bir tumanda tut ko‘chatlarini ekish bo‘yicha seminarlar tashkil etish borasida aniq ko‘rsatmalar berildi.  

Pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan o‘z kasanachilarini ko‘paytirish maqsadida mavjud tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida biriktirib berish ishlarini yakuniga yetkazishi aytib o‘tildi.  

Pillani qayta ishlash korxonalari va tuman “Agropilla” MCHJlar 2022 yilda pilla yetishtirish uchun fermer xo‘jaliklari va kasanachilar bilan shartnomalar tuzish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.  

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA