Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endilikda tadbirkorlar xorijiy valyutada kredit olish uchun nafaqat banklarga, balki mikromoliya tashkilotlariga ham murojaat etishlari mumkin
17:48 / 2023-11-20

Mamlakatimiz iqtisodini oshirishda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati muhim o‘rin tutadi. Shu boisdan yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, tadbirkorlikni rivojlantirishni kompleks qo‘llab-quvvatlashning uzluksiz zanjirini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Prezidentimizning joriy yilning 10 noyabrdagi “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni iqtisodiyotning yangi texnologiya va innovatsiyalarga asoslangan sifatli hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaruvchi bo‘g‘ini bo‘lgan o‘rta biznesni qo‘llab – quvvatlash uchun yana bir muhim va manzilli qadam bo‘ldi.

Farmonga muvofiq tadbirkorlarga qanday imtiyoz va qulayliklar yaratiladi?

- Endilikda 5 milliardgacha bo‘lgan kafillikni Tadbirkorlik jamg‘armasi taqdim etishi biz tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat yaratdi,  — deydi tadbirkor Zayniddin Ro‘zimatov. —  Endilikda faoliyatimizni yanada kengaytirish uchun Tadbirkorlik jamg‘armasidan bemalol 5 milliardgacha kafillikni olishim mumkin. Ilgari banklarga 100 foizlik garov taqdim etib,  keyin 85 foizgacha moliyalashtirilar edik. Kelajakda yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, tikuv korxonamizga xorijdan yangi zamonaviy tikuv dastgohlari olib kelib, ish faoliyatimni yanada kengaytirishni rejalashtiryapman.

Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ta’sischiligida xususiy sektor vakillari yanada qo‘llab-quvvatlanadi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi assiyadorlik jamiyati shaklida tashkil qilinadi.  

Mazkur kompaniya tadbirkorlarga keng imkoniyat eshigini ochadi. Kompaniyaga o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihalariga loyiha qiymatining 15 foizidan yoki ustav fondining 20 foizidan yoki 3 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda ulush kiritish ya’ni ulush kiritilganida, asbob-uskuna yoki ko‘chmas mulk shaklidagi ulush kiritish vakolati berilyapti.  

Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur kompaniyaga belgilangan vazifalarni bajarish uchun 10 yil muddatga 5 yillik imtiyozli davr bilan jami 1,2 trillion so‘m shu jumladan 2024 yil 1 iyulga qadar 600 milliard so‘m miqdorida foizsiz byudjet ssudasi ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2023 yil 2024 yillarda kompaniya ustav kapitalining 300 milliard so‘m miqdoriga yetkazish, xizmat ko‘rsatish, yashil va energiya samarador loyihalarni moliyalashtirish uchun tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlariga moliyaviy resurslarni ajratish maqsadida kompaniyaga xalqaro moliya institutlaridan 100 million AQSHdollari miqdorida mablag‘ jalb etish belgilanmoqda. Bundan tashqari, mazkur hujjatda 2024-2026 yillarda kichik tadbirkorlik sub’ektlariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 barobar oshirilmagan stavkada, milliy valyutada 5 milliard so‘mgacha ajratiladigan kreditlar bo‘yicha asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorida, 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga kompensatsiya ham taqdim etish o‘rin olgan.  

Biznes vakillarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlatimiz rahbarining joriy yilning 10 noyabr kuni mikroqarzlarning eng yuqori miqdorini 100 million so‘mgacha oshirishni nazarda tutuvchi “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori imzolandi.  Mazkur huquqiy hujjatga ko‘ra, 2024-2026 yillarda mikromoliyalash bozori hajmini 5 barobarga oshirish va mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 milliondan ortiq tadbirkorlarni qamrab olish reja qilinmoqda.

— Mamlakatimizda kredit munosabatlari nafaqat banklar, balki mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan ham amalga oshiriladi, —  deydi Markaziy bank boshqarma boshlig‘i Umida Ulug‘xodjayeva, — yuqorida nomi keltirilgan qarorda aynan aholining tadbirkorlik tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash, mikromoliyaviy xizmatlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi ishtirokini kengaytirish, mikromoliya tashkilotlari va banklar o‘rtasidagi zanjirni, mikromoliya banklari bilan to‘ldirish asosiy maqsad qilib belgilangan. Ushbu qaror bilan jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarz miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirildi. Natijada aholining faol qismi mikromoliyaviy xizmatlardan foydalangan holda, o‘zini o‘zi band qilishi yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi orqali tadbirkorlik sub’ektiga aylanishi mumkin. Endilikda tadbirkorlik sub’ektlari xorijiy valyutada kredit olish uchun nafaqat banklarga balki mikromoliya tashkilotlariga ham murojaat etishlari mumkin. Eng asosiy o‘zgarishlardan biri esa bu mikromoliya tashkiloti litsenziya asosida to‘lov tashkiloti, Payme, Click kabi faoliyatini ham amalga oshirishi mumkin. Bugungi kunga qadar esa faqatgina to‘lov tashkiloti mikromoliya tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, mikromoliviy xizmatlarini amalga oshirar edi. Bu yangilik natijasida shu sohada raqobat muhitini va teng kuchli raqobatni kuchaytirib, aholiga tanlash imkoniyatini beradi. Qarordagi yana bir yangiliklardan biri bu mikromoliya tashkilotlari rivojlanishi natijasida mikromoliya banklariga, mikromoliya banklari esa tijorat banklariga transformatsiya qilinishidir. Yoki aksincha, jarayonlarning yaratilishidir. Ya’ni mikromoliya tashkilotlari bilan banklar o‘rtasidagi bo‘shliq bazaviy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya banklari bilan to‘ldiriladi. Natijada 2024-2026 yillarda mikromoliyalash bozori hajmini 5 barobarga oshirishga erishiladi. Shuningdek, mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 milliondan ortiq tadbirkorni qamrab olishga erishiladi. Bu esa mikromoliyalash hajmining yanada oshishiga, mikromoliyaviy xizmatlar bilan tadbirkorni ko‘proq qamrab olishga, qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, biznesni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish orqali aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga olib keladi.  

 –Ushbu qaror bilan tadbirkorlik sub’ektlariga juda katta imkoniyat yaratiladi, mikromoliya tashkilotlarini, mikromoliya banklarini yaratish imkoniyatini yaratadi, — deydi tadbirkor Muhammad Asqarov. –  Yana bir muhim jihati shundaki, xorijiy valyutada chet el tashkilotlaridan yoki xorijiy norezidentlaridan xorijiy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish va yuridik shaxslarga xorijiy valyutada mikromoliya xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini yaratmoqda. Bu qaysidir ma’noda valyuta kursi bilan bo‘ladigan xatarlarni muvofiqlashtirish imkonini beradi. Yana bir yangilik. Endi depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilyapti. Bu mikromoliya tashkilotlariga juda katta moliya resurs bo‘lib xizmat qiladi.  

Shuningdek, 2024 yil 1 aprelgacha mikromoliya xizmatlari sohasiga ixtisoslashtirilgan yangi mikromoliya tashkiloti tashkil etiladi. Qarorga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mgacha oshiriladi. Nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi.

Mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Tijorat banklari tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida oldin ajratilgan kreditlarning qaytarilgan qismidan tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun 1 trillion so‘m mablag‘lar mikromoliya tashkilotlariga joylashtiriladi. Bundan tashqari vakolatli banklar tomonidan mikromoliya xizmatlari ko‘rsatishga 2 trillion so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.  

Tadbirkorlik sub’ektlari o‘z bizneslarini rivojlantirish maqsadida mikromoliya tashkilotlariga murojaat qiladi. Bunda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan kredit olmoqchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga garov ta’minoti sifatida o‘z kafillik xizmatini ko‘rsatadi. Ya’ni tadbirkorlik sub’ektlarining olayotgan kreditlarning 50 foizigacha taqdim etiladi. Qabul qilingan qarordan so‘ng, nafaqat joylardagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, balki joylardagi mikromoliya tashkilotlarini ham qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlovchi bo‘lgan mikromoliya tashkilotlari o‘zining resurs bazasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari tijorat banklaridan resurs mablag‘larni jalb qiladi. Resurs mablag‘larini jalb qilganda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan mikromoliya tashkilotlariga ham kafillik yordamini taqdim etadi. Bu o‘z navbatida mikromoliya tashkilotlari hamda joylardagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab quvvatlashga imkon yaratadi.  

Shuningdek, qarorda mikromoliya tashkilotlari resurs bazasidagi jismoniy shaxslardan jalb qilinadigan mablag‘lar miqdori ikki barobarga oshadi. Shu bilan birga, mikromoliya xizmat ko‘rsatish orqali rasmiy daromadga ega bo‘lmagan 500 mingta yaqin yurtdoshlarimizni o‘zini o‘zi band qilish va biznesni rivojlantirishga ko‘maklashish singari qator imtiyoz va yengilliklar belgilab qo‘yilgan.  

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimiz iqtisodiyotini izchil va barqaror rivojlantirish, aholi turmush  darajasini yuksaltirishda tadbirkorlikning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham tadbirkorlikni tubdan rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash masalalari doim davlatimiz e’tiboridadir.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA