English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endilikda qayerda ichki yo‘l qurish hamda yo‘llarni ta’mirlashni fuqarolarning o‘zi hal qiladi
13:47 / 2023-10-21

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ishtirokida brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, ayrim avtomobil yo‘llarini qayta qurish va ta’mirlash ishlari yildan-yilga cho‘zilib ketmoqda va hamon yakuniga yetkazilmagan. Shunga ko‘ra, yo‘l xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish va raqamlashtirish, sohada sifat nazoratini kuchaytirish talab etiladi.  

Joriy yil 10 oktyabrdagi davlatimiz rahbarining “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida avtomobil yo‘llarini boshqarish hamda respublikada iqtisodiyot va aholi ehtiyojlariga muvofiq yo‘l tarmog‘i holatini sifat jihatidan o‘zgartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab berildi.  

Qayd etilishicha, bundan buyon umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarini hamda sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarining loyiha va loyiha oldi hujjatlari har bir hududning geologik  va ekologik xususiyatini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi. Endilikda yo‘llarni loyihalashtirishda kompleks yondashuv bo‘ladi. Ya’ni, qayerda to‘xtash joyi bo‘ladi, qayerda daraxt ekiladi, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, texnik va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qayerda joylashadi, degan savollarga loyihaning o‘zida to‘liq javob bo‘ladi va shundan keyingina loyiha qabul qilinadi.  

Qonunchilikka ko‘ra, yo‘l ishlariga ajratilayotgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yo‘l-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini nazarda tutadigan tizim (hajm usuli) joriy etiladi. Bugungi kungacha loyihalarning texnik topshirig‘i “resurs” usuliga asoslangan bo‘lib, bunda 1 kilometr yo‘l qurish uchun qancha ishchi kerakligi, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatilishi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi bo‘yicha shartlar kiritilar edi. Endilikda, yo‘lning o‘ziga talab belgilanishi hamda uni sifatli qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi. Pudrat tashkiloti yo‘lni qanday texnika bilan qurishini o‘zi hal qiladi.  

Qurilayotgan avtomobil yo‘llari sifatini ta’minlash maqsadida yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan ob’ektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo‘yicha kamida uch yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi.  

2025 yil 1 yanvardan boshlab yangidan boshlanadigan ob’ektlarda yo‘l-qurilish ishlari bo‘yicha loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi. Yangidan boshlanadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish ob’ektlarini moliyalashtirish asosan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Buning uchun, 2024 yildan boshlab har yili xalqaro moliya institutlaridan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish ob’ektlariga 300 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda kreditlar jalb qilib boriladi.  

Sohaga xususiy sektor vakillarini keng jalb qilish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi. Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankidan jalb qilinadigan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida “loyihalash – qurish – ekspluatatsiya qilish” uslubini joriy qilgan holda loyihalar amalga oshiriladi. Ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun byudjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratib boriladi.  

Endi qayerda ichki yo‘l qurish, qayerdagi yo‘llarni ta’mirlashni fuqarolarning o‘zi hal qiladi. Loyihalarni tanlab olishda va sifatni ta’minlashda ochiqlik ta’minlanib, to‘liq jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi. Sohani raqamlashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi, jumladan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari holatini baholash va monitoring qilish raqamli texnologiyalar orqali samarali tashkil etiladi, avtomobil yo‘llarida raqamli (onlayn rejimda) boshqariladigan innovatsion yo‘l belgilari, pannolar va ko‘rsatkichlar joriy qilinadi.  

Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tgan 100 km qismida intellektual transport tizimini joriy etish ishlari boshlanadi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA