French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endilikda professional ta’lim o‘quvchilariga ham stipendiya berilishi mumkin
10:24 / 2022-02-14

Davlatimiz rahbarining “Professional ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan islohotlarni jadallashtirish va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Tegishli hujjat bilan professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim shaklini joriy qilish imkoniyatini kengaytirish va ta’lim jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish mo‘ljallanmoqda. 

Dual ta’lim shaklini joriy qilgan eng yaxshi 100 ta professional ta’lim muassasasiga har yili 50 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilab qo‘yilgan. Dual ta’lim shaklida ta’lim olayotgan o‘quvchilar tegishli ish beruvchilar tomonidan to‘lanadigan ish haqi daromad solig‘i va yagona ijtimoiy soliq to‘lovlaridan ozod etiladi. 

Shuningdek, mazkur ta’lim shaklida ta’lim olayotgan o‘quvchilarga tashkilotlardagi mehnat faoliyati uchun ish staji hisoblanadi. Professional ta’lim muassasasi o‘quv-amaliyoti jarayonida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (tovar, ish, xizmatlarni) sotishi mumkin.  

Endilikda professional ta’lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yangi tabaqalashtirilgan tartibi joriy etiladi. 

Tizimida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarga yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni sotishdan hamda bo‘sh turgan bino, inshootlar, o‘quv-tajriba maydonlari va yer uchastkalarini ijaraga berishdan tushgan mablag‘larni o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlari va xomashyo materiallari, xorijiy adabiyot va o‘quv qo‘llanmalarni xarid qilish, xodimlar malakasini oshirish va rag‘batlantirish, o‘quvchilarga stipendiya to‘lash uchun mustaqil sarflash huquqlari beriladi. 

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab to‘liq yoki qisman davlat byudjetidan mablag‘ bilan ta’minlanadigan professional ta’lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. 

Unga muvofiq, kasb-hunar maktabi o‘qituvchisi, psixologi, yoshlar yetakchisi va tarbiyachisining bazaviy tarif stavkalari umumta’lim muassasalari tegishli xodimlari bazaviy tarif stavkalariga, kasb-hunar maktabi birinchi malaka toifasiga, ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va malaka toifasiga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishli ravishda umumta’lim muassasalari ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi va o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi. 

Tizimida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarga 2022 yil 1 maydan professional ta’lim muassasalarining ta’lim jarayonidan bo‘sh bo‘lgan o‘quv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari (asbob-uskunalari bilan birga), boshqa bino va inshootlarini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda tadbirkorlik sub’ektlariga, kasb-hunar, xorijiy tillar yoki tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslarini tashkil etish uchun 5 yilgacha bo‘lgan muddatga, mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish kabi imkoniyatlar joriy etiladi. 

O‘zA