Bugun – 27 oktyabrdan O‘zbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati ishga tushirildi. Oddiy qilib aytganda, endilikda mijozlar o‘z raqamini saqlab qolgan holda mobil operatorni almashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
Xo‘sh ushbu tartib qanday amalga oshiriladi? Mijozlar uchun afzalliklari nimada? Raqamli texnologiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Valixon Usmonov O‘zA muxbirini qiziqtirgan shu kabi savollarga javob berdi.
—Hozirgi kunda O‘zbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, Uztelecom, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatadi, — deydi V.Usmonov. — Mazkur xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari o‘rtasida sog‘lom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi.
— Mobil raqamni bir kompaniyadan ikkinchi kompaniyaga ko‘chirish tartibi qanday?
— Birinchi bosqichda mijoz qaysi kompaniyaga o‘tmoqchi bo‘lsa, o‘sha kompaniyaga borib, operatorga pasporti bilan murojaat qiladi. Murojaat asosida yangi SIM-karta olishga qancha vaqt sarflansa, o‘sha vaqt oralig‘ida raqam va kod nomeri saqlangan SIM-karta beriladi.
Beshta kompaniyaning kod raqamlari har xil. Boshqa kompaniyaga o‘tishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi. Misol uchun, (97) kod faqatgina Mobi.uz da bor, boshqa kompaniyalarda bu kod raqami yo‘q.
—Mijozlar mobil kompaniyalarni necha marta almashtirish imkoniyatiga ega?
— Boshqa kompaniyaga o‘tilayotgan paytda mijozga shartnoma beriladi. O‘sha shartnomada belgilangan shartlarga qarab, to‘lovlar hamda foydalanish muddati kelishiladi. Bitta kompaniya xizmatidan kamida 30 kun foydalanish talab etiladi. Bu kompaniya xizmati yoqmagan bo‘lsa, o‘ttiz kundan keyin boshqa kompaniyaga o‘tishingiz mumkin.
—Xizmat ko‘rsatishning bunday turini joriy qilishdan maqsad nima?
— Misol uchun, siz hozir ishlatib turgan raqamingizni ko‘pchilik tanishlaringiz, yaqinlaringiz biladi. Foydalanib turgan kompaniyangiz xizmat sifati sizga ma’qul kelmasada, tanishlaringizni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, raqamingizni o‘zgartira olmaysiz. Endi raqamingiz va uning kodini o‘zgartirmagan holda sifati, narxlari, ta’rifi bo‘yicha sizga ma’qul keladigan kompaniyaga o‘tishingiz mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA