Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan "Prezident iqtidorli farzandlari" Milliy dasturi hayotga keng joriy etilmoqda. Bu salohiyatli yoshlar orzusiga qanot bag‘ishlamoqda.
Ushbu Milliy dastur nima va unga kimlar qabul qilinadi?
Milliy dastur yurtimizning umumta’lim maktablarida tahsil oluvchi yoshlarni dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga tayyorlovchi loyiha hisoblanib, har yili 9-sinfni tamomlab, 10-sinfga o‘tgan yoshlar saralash imtihoni orqali qabul qilinadi. Saralash imtihoni matematika va ingliz tili fanlaridan test shaklida olinadi.
Dasturga respublika bo‘ylab jami 1 ming 500 nafar o‘quvchi qabul qilinadi va qabul qilinganlarga mentorlar biriktiriladi.
Ushbu mentorlar tomonidan maxsus platforma orqali darslar tashkil etiladi. Darslarda xorijning yetakchi oliygohlari tomonidan qo‘yiladigan talablar va o‘quvchilar ushbu talablarga qanday qilib tayyor bo‘lishlari tushuntiriladi.
Shuningdek, Renessans oromgohida Milliy dastur a’zolari uchun har yili oflayn uchrashuvlar va mahorat darslari ham o‘tkaziladi. Bilimli yoshlarimiz uchun xorijning nufuzli universitetlariga ta’lim sayohatlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga dunyoning Top-100 talik reytingidagi oliygohlarga 50 foiz grant asosida qabul qilingan dastur ishtirokchilarining o‘qish xarajatlari kvota doirasida qoplab beriladi.
Eng quvonarlisi, xorijda o‘qiydigan yoshlar yagona hamjamiyatga birlashtirilib, yurtimiz bilan doimiy aloqalari va qaytgach ish bilan ta’minlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu loyihaga Prezident maktablari va Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab o‘quvchilari qabul qilinmaydi.
N.Usmonova, O‘zA