O‘zbekiston Respublikasining “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonuniga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hujjat loyihasi regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.
Mazkur hujjat loyihasida moliyaviy iste’mol krediti evaziga xarid qilinayotgan tovarlar va xizmatlar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan bo‘lishi cheklovini olib tashlash ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan, amaldagi “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasidagi “O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan” degan jumla olib tashlanmoqda.
Dastlab, ushbu qonunga Markaziy bank tomonidan 2018 yilda ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.
Qolaversa, 2018 yil 30 oktyabrda davlatimiz rahbarining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab, moliyaviy iste’mol kreditini faqat O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlari (xizmatlari)ni sotib olish uchun berish to‘g‘risidagi talablarni bekor qilish belgilangan edi. Ammo, shu vaqtga qadar bu borada biror o‘zgarish bo‘lmadi.
Ushbu loyiha joriy yilning 25 sentyabrigacha muhokamaga qo‘yiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA