French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endilikda har yili ming nafar yoshlar pul mukofoti bilan taqdirlanadi
15:04 / 2025-11-24

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra, 2026 yildan boshlab “Yoshlar daftari” orqali yordam olish jarayonlari butunlay yangilanadi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning ta’kidlashicha, bu yangi tizim yoshlar imkoniyatini kengaytirish va ularni faol hayotga jalb qilishga xizmat qiladi.

– Yoshlar uchun eng muhim dasturlardan biri bo‘lgan “Yoshlar daftari” endi butunlay yangi bosqichga chiqdi, – dedi A.Sa’dullayev. –Prezidentimizning yangi farmoni yoshlar hayotiga katta o‘zgarish olib keladi. Bundan buyon “Yoshlar daftari” tizimi  imkoniyatlardan foydalanishni istagan yoshlar, oldindan qo‘yilgan talablarni bajarishlari shart bo‘ladi. Bu talablarning barchasi shaxsiy rivojlanishga qaratilgan. Ya’ni yoshlarimiz endilikda “Yoshlar daftari” imkoniyatlaridan foydalanmoqchi bo‘lsa, oldindan belgilab qo‘yilgan talablarni bajarishi kerak bo‘ladi. Jumladan,  “Mutolaa” ilovasida kitob o‘qishlari, Ibrat farzandlari dasturi orqali til o‘rganishlari, o‘qish jarayonida volontyorlik faoliyatida ishtirok etishlari va 5 tashabbus olimpiadalarida faol qatnashib, natija ko‘rsatishlari talab etiladi.

Prezident farmoniga ko‘ra,  2026 yil 1 fevraldan boshlab, “Yoshlar daftari” jamg‘armalaridan yordam oladigan yoshlar bilan ijtimoiy hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda yordam ajratish vaqtida mahalladagi yoshlar yetakchisi va yordam oluvchi yosh o‘rtasida ijtimoiy shartnoma tuziladi.

Ijtimoiy shartnomada ta’limni uzluksiz davom ettirish va yuqori darajada o‘zlashtirish, xorijiy tillarni o‘rganish, kitob mutolaa qilish, volontyorlik va o‘z ustida ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan shartlar belgilanadi.

Ijtimoiy shartnoma shartlarini muntazam ravishda kamida olti oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlarga ijtimoiy yordam so‘rab murojaat qilgan vaqtidan qat’i nazar, unga imtiyozli ravishda navbatdan tashqari ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Eng yaxshi 1 000 nafar yosh har yili bir marta Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, yoshlarning tashabbuskorligi va faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan mukofotlarga tavsiya etiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA