Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Riyeltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, fuqarolarga o‘zlarining ko‘chmas mulk ob’ektlarini internet orqali reklama qilib sotishlari taqiqlanmoqda. Bunda ushbu xizmat faqat riyeltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali amalga oshiriladi.
Yangi tahrirdagi qonunning 27-moddasiga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlarini reklama qilish va e’lonlari, shu jumladan butunjahon axborot tarmog‘i Internetda yoki ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida joylashtiriladiganlari, ko‘chmas mulk mulkdorlari tomonidan faqat rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali bepul amalga oshiriladi.
Ushbu qonun loyihasi ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan keng tanqidlarga uchraganidan so‘ng, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi loyiha yuzasidan tushuntirish berdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining izoh berishicha, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati tug‘ilgan. Chunki, ko‘plab o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganiga qaramasdan, 2010 yildagi amaldagi qonun zamonaviy voqeliklarga va rieltorlik faoliyati sohasidagi o‘zgarishlarga mos kelmaydi.
– Qonun loyihasi rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, “soyadan” chiqishni rag‘batlantirish va noqonuniy (qora) rieltorlar va rieltorlik tashkilotlari faoliyatini legallashtirish, shuningdek, rieltorlik xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, hamda noqonuniy rieltorlar tomonidan firibgarlik holatlari avj olishining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda rivojlangan mamlakatlar tajribasi o‘rganildi. Bunda AQSH, Germaniya va Fransiyada rieltorlar litsenziyaga ega bo‘lishi majburligi hamda rieltorlar faoliyati ko‘proq tartibga solingan Benilyuks mamlakatlarida (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg) rieltorlik faoliyatini amalga oshirishda litsenziyaga ega bo‘lishdan tashqari, har bir agent professional tashkilotlardan biriga a’zo bo‘lishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha kelib tushgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda qayta ishlanadi hamda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA