French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endilikda fuqarolar ham qonun tashabbuskori bo‘lishi mumkin
17:03 / 2023-04-04

Qonun loyihasiga sharh

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasiga ko‘ra, endilikda fuqarolar ham qonun tashabbuskori bo‘lishi mumkin. 

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi, yuridik fanlar nomzodi Muxtabar Husanova bilan suhbatlashdik. 

Amalda qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar qaysi ediyu, endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda qanday yangiliklar aks etyapti?

— Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida «Konstitutsiyaning yagona manbai va yaratuvchisi – xalqdir» degan demokratik tamoyilga tayanilgani inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlari ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan amaliy harakatdir.

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Bosh prokurori qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. 

Qariyb 65 foizga yangilanayotgan Konstitutsiyamizning loyihasida esa ushbu huquqlar 98-moddada ifoda etilmoqda. Eng muhimi, unda fuqarolar ham qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanliklari mustahkamlanmoqda. 

Jumladan, mazkur moddada “Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ega. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Bosh prokurori ham o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir. 

Qonunchilik tashabbusi huquqi qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi. 

O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli”, deb belgilanmoqda. 

Loyiha normasi tahlili shundan dalolat beradiki, birinchidan, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari doirasi kengaytirilmoqda, ikkinchidan, alohida sub’ektlarning qonunchilik tashabbusi huquqi doirasi belgilanmoqda, uchinchidan, qonunchilikka oid takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish instituti ilk bor konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda.

Huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Bosh prokuror o‘z qonunchilik tashabbusi huquqlaridan, asosan, o‘z vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan foydalangan. Demak, mazkur sub’ektlarning vakolatlari doirasida qonun loyihasini tashabbus huquqi asosida kiritishining konstitutsiyaviy tarzda belgilanishi, nazarimizda, mantiqan to‘g‘ri.

Fuqarolar ham qonunchilikka oid takliflarini parlamentga kiritish huquqiga ega bo‘lishi qanday natija beradi?

— Qonun ijodkorligi jarayonining yanada demokratlashuvida muhim omil bo‘ladigan yangi qoida bu — O‘zbekiston  Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, qonunchilikka oid takliflarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritishga haqli ekanligidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvdagi nutqida “Konstitutsiyaga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etishni taklif qildi. Bu qoida orqali xalq bevosita tashabbus ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritadi. 100 ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deb ta’kidlagan edi.

Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki ortib borayotgani islohotlar samaradorligining oshishiga sezilarli ta’sirini ko‘rsatmoqda. bugungi kunda Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish bo‘yicha “Mening fikrim” portali faoliyat yuritmoqda.

Fuqarolarning taklif-mulohazalari parlament quyi palatasining tegishli mas’ul qo‘mitalari tomonidan o‘rganilib, aksariyati qonun ijodkorligi jarayonida inobatga olinmoqda. Xususan, ularda Mehnat, Oila, Soliq, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi, «Sudlar to‘g‘risida»gi, «Davlat boji to‘g‘risida»gi, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirilgan. 

Bundan ko‘rinadiki, fuqarolar tomonidan parlamentga qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha kelib tushgan takliflar, asosan, ijtimoiy hayotda bevosita o‘zlari duch kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq. Bu esa huquqiy tartibga solinishi zarur bo‘lgan jamiyatdagi eng o‘tkir va tizimli muammolarni “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida hal etishda, huquqiy «bo‘shliq»larni bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, mazkur takliflar parlament a’zolari uchun ham qonun ijodkorligini samarali amalga oshirishlariga, pirovardida xalqchil qonunlar qabul qilinishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

— Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ham qonun tashabbuskori bo‘lishi mumkinligi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Darhaqiqat, yangilanayotgan Konstitutsiyamizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga ham qonunchilik bo‘yicha parlamentga taklif kiritish huquqi taqdim etilmoqda. Bu huquqning konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan belgilanayotgani mamlakatda inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.Inson huquqlari ta’minlanishining monitoringini olib boruvchi sub’ektga qonunchilikdagi bo‘shliqlar yanada yaqqolroq namoyon bo‘lishi tabiiy. 

Bundan tashqari, Ombudsman ham fuqarolarning murojaatlarini bevosita ko‘rib chiquvchi, tahlil qiluvchi organ, ham davlat vakolatlariga ega bo‘lgan idora, shu bilan birga, parlament palatalariga hisob beruvchi organ hisoblanadi. Qolaversa, qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish imkoniyati (ijroiya apparati), huquqni qo‘llash amaliyoti tahlilini olib boruvchi tuzilmalari (ombudsmanning hududlardagi vakillari) mavjud. 

Umuman, Bosh qomusimizga kiritilayotgan ushbu qoidalar, avvalo, “fuqaro – jamiyat – davlat” manfaatlari mushtarakligini ta’minlaydi, jamiyatda turli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Vujudga kelayotgan huquqiy bo‘shliqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish vazifasini o‘taydi, xalqchil qonunlar qabul qilinishiga, «jamiyat – islohotlar tashabbuskori» tamoyilining huquqiy mexanizmlarini mustahkamlaydi.

Muhtarama Komilova suhbatlashdi. 

O‘zA