Xalqimiz muallifligida, ya’ni jamoatchilik takliflari asosida ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda shakllantirilgan xalqchil Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklariga oid normalar ko‘paydi. Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 31-moddasi bilan insonning shaxsiy sir, mulk va hayot daxlsizligi to‘liq kafolatlanadi.
Hech kimga sir emas, ayni vaqtda telekommunikatsiya tarmoqlari va axborot texnologiyalari rivojlangani sari axborot va ma’lumotlarni uzatish, tarqatish jarayonlari osonlashib, xalq ichida ommalashib boryapti.
Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda 30 milliondan ortiq yurtdoshlarimiz mobil aloqadan foydalanadi. Ming afsuski, ko‘pincha ijtimoiy tarmoq hamda internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy ma’lumotlari uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga guvoh bo‘lyapmiz. Oqibatda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari shaxsiy hayotiga, shaxsiga doir ma’lumotlarning tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr chekyapti. Bunday sharoitda fuqarolarning shaxsiy va biometrik ma’lumotlarini, yozishmalarini saqlash va tarqatilishida tashqi ta’sirlardan himoya zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ana shularni inobatga olgan holda yangilanayotgan Konstitutsiyada daxlsizlik huquqi sifatida shaxsiy, oilaviy sir va ma’lumotlarning noqonuniy to‘planishi va tarqalib ketishi cheklanmoqda. Shuningdek, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar sir saqlanishi huquqi berilyapti. Bu huquqning cheklanishiga esa faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Endilikda, har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega bo‘lmoqda.
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, endilikda, hech kimning uy-joyiga unda yashovchi shaxslarning ruxsatisiz kirish mumkin emasligi konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanmoqda. Uy-joyga kirishga, tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Buni esa uy-joyga bo‘lgan huquq daxlsizligi deyish mumkin.
So‘nggi yillarda yurtimizda «snos» bilan bog‘liq muammolar dolzarb ahamiyat kasb etayotgandi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada bu muammoga oqilona yechim topildi. Unga muvofiq, endi hech kim sudning qarorisiz uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi hamda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi mustahkamlanmoqda.
Qolaversa, tintuv o‘tkazish va telefon so‘zlashuvini eshitishga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga o‘tkazilmoqda. Barchamizda o‘zimizga oid ma’lumotlar foto, video, audio, yozma yoki elektron shakldagi shaxsga doir ma’lumotlar bor. Shu sababli ham tergov organiga fuqaroning shaxsiy hayotiga aralashib, uning telefon so‘zlashuvini eshitish bo‘yicha o‘zi mustaqil qaror qabul qilish vakolatini berib bo‘lmaydi. Buni tiyib turuvchi mexanizmlar zarur.
Endilikda, bu tartibga solinib, tintuv va telefon so‘zlashuvini eshitish doirasi sud tomonidan belgilanishi, bunga qay darajada zaruriyat borligi sudya tomonidan baholanishi belgilanmoqda. Yangilanayotgan konstitutsiyaning 31-moddasi bilan insonning shaxsiy sir, mulk va hayot daxlsizligi to‘liq kafolatlanadi.
– Har bir shaxsning uy-joy daxlsizligi huquqiga egaligi mustahkamlanmoqda. Ya’ni, biron bir shaxsning uyiga, turar joyiga uning roziligi bilangina kirish mumkin. Shu jumladan, uy-joyda tintuv faqatgina sudning qarori bilan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Amalda bu prokuror sanksiyasi bilan amalga oshiriladi, – deydi In’om Nazarov. – Shaxsiy ma’lumotlarimiz hozirda internet makonida ham saqlanyapti. O‘ylaymanki, barcha shaxsiy ma’lumotlarimiz, telefonda so‘zlashuvlarimiz, Konstitutsiyada kafolatlanadi. Bu esa shaxsiy daxlsizlikni ta’minlashning eng maqbul yechimidir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA