Turli yo‘nalishdagi mas’ul rahbarlarning “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan "ustoz-shogird" an’anasi asosida ishlash tizimi joriy etildi.
Jamg‘armaning joriy yil 1-ochiq stipendiya tanlovida g‘oliblikka tavsiya etilgan, xorijda ta’lim olib qaytgan va respublikamizning turli sohalarida mehnat faoliyatini olib borayotgan, ayni damda xorijiy davlatlarning nufuzli ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan stipendiatlar Prezident maslahatchilari, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, tegishli buyurtmachi idoralar rahbarlariga shaxsan biriktirildi.

Bundan maqsad stipendiatlarning mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishish, sohalarni rivojlantirishga oid takliflarini tinglash, amaliyotda realizatsiya qilishda ko‘maklashish hamda munosiblarini lavozimda o‘stirish hisoblanadi.
Bugundan alohida tasdiqlangan reja-grafik asosida mas’ul rahbarlarning yoshlarimiz bilan individual tarzda muloqotlari boshlandi.

Suhbat jarayonlarida stipendiatlarning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha fikr-mulohazalari, ushbu jarayonlardagi roli, Vatani rivojlanishi uchun qo‘shayotgan hissasi, xususan, ular tomonidan ilgari surilgan takliflar, ishlab chiqilgan loyihalar holati, sohada duch kelayotgan byurokratik to‘siqlar, qiyinchiliklar yuzasidan fikrlari tinglanmoqda.

Suhbat xulosalariga binoan, stipendiatlarni lavozimda o‘stirish, kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish, samaradorlikka erishishlari uchun mehnat jamoalarida zaruriy sharoitlarni yaratish masalalari ko‘riladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA