Davlatimiz rahbarining 2025 yil 17 dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra mamlakatimiz bojxona ma’muriyatchiligida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ayrim chegara o‘tkazish punktlarida joriy yilda sinov tariqasida avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirishni faqatgina chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshirish belgilanmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Nozimbek Dilboboyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Mazkur farmonning 2-ilovasiga muvofiq bojxona organlarining faoliyatini maqbullashtirish maqsadida quyidagi chegara o‘tkazish punktlarida 2026 yil 31 dekabrga qadar sinov tariqasida avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirishni faqatgina chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshirish belgilanmoqda:
Jumladan, “Bobotog‘” avtomobil yo‘lida “Sariosiyo” chegara bojxona postining “Bobotog‘” bojxona punkti, “Uchto‘rg‘on” avtomobil yo‘lida “Uchto‘rg‘on”chegara bojxona posti, “Pop” avtomobil yo‘lida “Pop” chegara bojxona posti, “Rovot”avtomobil yo‘lida “Rovot” chegara bojxona posti, “Rishton” avtomobil yo‘lida“Rishton” chegara bojxona posti hamda “Bekobod” avtomobil yo‘lida “Bekobod avto” chegara bojxona postida nazorat ishlari chegara qo‘shinlari tomonidan olib boriladi.
Shuningdek, mazkur farmonda yuqoridagi chegara o‘tkazish punktlarida chegara qo‘shinlari tomonidan avtotransport vositasini ko‘zdan kechirish jarayonida bojxona nazoratiga tushadigan tovarlar aniqlanganda yoki bojxona organlarining Xavflarni boshqarish tizimi ko‘rsatmasiga asosan nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish uchun bojxona organi jalb qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, mazkur farmonga muvofiq quyidagi Masofaviy elektron deklaratsiyalash (MED) bojxona postlari tugatilmoqda:
Jumladan, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, viloyati Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari tugatiladi. Ushbu tugatilayotgan bojxona postlarining shtat birliklari “Bojxona rasmiylashtiruvi markazi”ga hamda ish hajmi ko‘p bo‘lgan boshqa bojxona postlariga o‘tkazilishi belgilandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA