So‘nggi yillarda haydovchilarni tayyorlash tizimidagi mavjud kamchiliklar, haydovchilarning bilim saviyasi yetarli emasligi yo‘llarda turli qoidabuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Achinarlisi, buning oqibatida o‘lim bilan tugayotgan yo‘l-transport hodisalari soni ortyapti. Bu esa ushbu ayanchli holatlarning oldini olish maqsadida haydovchilarni tayyorlash tizimini va sub’ektlarining faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchilik huquqini beruvchi guvohnomani olishga o‘qitish tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan bo‘lib, ularga tegishli litsenziyalar Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan beriladi.
Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga yuklatilgan. Ya’ni litsenziya beruvchi va uni ijrosini nazorat qiluvchi organlar boshqa organlar bo‘lmoqda. Bu esa haydovchilar tayyorlash tizimini yaxlit holda nazorat qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti, turli nomuvofiqliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shu bois yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida endilikda haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim sub’ektlari va imtihon markazlariga bu turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaning Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilishi belgilanmoqda.
Ushbu tartiblar o‘z aksini topgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qonun loyihasida belgilanayotgan tartiblar yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar.

Fraksiya a’zosi Jahongir Shirinov haydovchilik guvohnomasini olishda nazariy imtihonni topshirib, amaliy imtihondan o‘tolmaganlar yana qayta pul to‘lab, nazariy imtihon topshirishga majbur bo‘layotganiga e’tiroz bildirdi:
– Bu tartibdan voz kechish kerak, — dedi deputat. — Fuqaro qaysi imtihondan o‘tolmasa, shu imtihonni qayta topshirishi kerak. U o‘tgan imtihoniga yana pul to‘lashga majbur qilinmasligi lozim. Bu holat albatta, nohaqliklarni keltirib chiqaradi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim sub’ektlariga litsenziya berish va ularning faoliyatini nazorat qilish yagona davlat organi — ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari vakolatiga o‘tkazish orqali ta’lim sifatining oshirilishiga hamda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligi ta’minlanishiga erishiladi.
Fraksiya a’zolari yana bir qator qonun loyihalarini muhokama qilib, partiya dasturiy maqsadlari nuqtai nazaridan takliflar bildirdi. Yakunda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA