O‘zbekistondagi islohotlar, ayniqsa iqtisodiy yuksalish xalqaro moliya va reyting institutlari tomonidan barqaror hamda tez rivojlanayotgan deya baholanmoqda. Bunday e’tirof ortida mamlakatning barcha hududlarida yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi keskin o‘sganligi, yuzlab yangi quvvatlar ishga tushirilgani turibdi.
Birgina Toshloq tumanida 2023 yil yakuni bilan investitsiya dasturi, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida 1 trillion 485 milliard so‘mlik 130 ta loyihalar o‘zlashtirildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar miqdori 96,2 mln.dollarga yetdi. Natijada 134,2 mln dollarlik Toshloq tumanida ishlab chiqarilgan mahsulot eksport qilindi.

Bu raqamlar qanchalar quvonchli bo‘lmasin, tanganing ikkinchi tomoni ham bor edi. Yangi ishga tushirilgan ishlab chiqarish quvvatlariga elektr energiyasi kerak. Elektr quvvatlarini yetkazish uchun esa eshimi yo‘g‘on, usti polietilendan qobiqlangan turli kesimdagi kabellar zarur.
Bundan bir necha yil avval juda katta miqdorda elektr quvvati iste’mol qiluvchi yirik korxonalar AVG – 240 kabelini olish uchun Toshkent va Xonobod kabel zavodlarida oylab navbat kutganlar. Bugun esa bu kabellar Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidagi kichik sanoat zonasida mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
Ha, shubhalanmang, Toshloq tumanining “Taraqqiyot” kichik sanoat zonasida o‘nlab korxonalar qatorida ulkan kabel zavodi shu yil qurilib foydalanishga topshirildi.

Bu yerda kesimi turli o‘lchamdagi elektr simlaridan yuqori kuchlanishli elektr quvvatlarini “tashiy” oladigan hatto eshimi 37 qavatgacha bo‘lgan sim va kabellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
–Uzoq yillardan buyon kabel chiqarishni o‘ylab yurar edim, – deydi “FARKABEL” korxonasi ta’sischisi Sultonali Tohirov. –Prezidentimiz so‘mning xorijiy valyutaga konvertatsiyasini ochib berishlari menga turtki bo‘ldi.

Sultonali gapning shartakisini aytdi-qo‘ydi. Sababi, u kabel zavodi quraman, mamlakat ehtiyojini qondiradigan darajada import o‘rnini bosuvchi turfa xil kabellar ishlab chiqarman deya texnologiya sotib olishga o‘z mablag‘ini valyutaga aylantira olmay ko‘p sarson bo‘lgan ekan. Nihoyat erkin konvertatsiya ochildi-yu, tadbirkorlarning go‘yo “qo‘li yechildi”.
–Korxonamizga 13 million dollar investitsiya kiritdik. Bu dastgohlar Xitoy, Turkiya, Rossiya va Yevropa davlatlaridan olib kelingan,– deydi tadbirkor.

“FARKABEL” da barcha ishlar kompyuter orqali bajariladi. Bu yerda jami 30 nafar ishchi mutaxassis bo‘lib, ular ham asosan nazoratchi. Mahsulot hozircha yuz foiz buyurtma asosida ishlab chiqarilyapti. Istalgan kesimdagi elektr simlari, izolatsiyalangan kabellar, 7 qavatlidan to 37 qavatligacha eshma sim, 7 qavatligacha izolatsiyalangan eshma kabellar... xullas, siz buyurasiz, toshloqlik yosh mutaxassislar qisqa muddatda uni ishlab chiqarib hatto manzilingizgacha yuklab jo‘natadilar.
–Korxonamizda 100 xilga yaqin kabel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Avval O‘zbekistonning ichki bozorini ta’minlasak, keyin eksportga chiqaramiz, – deydi Sultonali Toxirov. –Qo‘shni davlatlar Rossiya va Afg‘onistonga mahsulotni eksport qilish yuzasidan ish olib boryapmiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xLdpYO2ASag" title="Endi yuqori kuchlanishli kabellar ham Toshloqda ishlab chiqariladi." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA