Bir guruh deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsimizda ilgaridan farqli ravishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Bosh prokurori faqatgina o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Biroq, ushbu talab bajarilmaganda, qonun loyihasining taqdiri ochiq qolgan edi. Shundan kelib chiqib, mas’ul qo‘mita ayrim sub’ektlar tomonidan vakolati jumlasiga kiritilmagan masalalar bo‘yicha qonun loyihasi kiritilganda, ularni tashabbuskor sub’ektga qaytarishni taklif etmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasida Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonunchilik takliflarini ko‘rib chiqishning muhim tartibi belgilanyapti. Ma’lumki, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan ushbu qonunchilikni kiritish tartibi, unga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati, eng asosiysi, bunday taklifni Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish mexanizmi ochib berilmoqda.
Qonun loyihasining takomillashtirilgan matni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi.
M.Komilova, O‘zA