Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi turizm sohasi qishloqqa kirib kelmoqda
18:43 / 2022-08-13

Qashqadaryo viloyatida turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, turistlarni noyob tarixiy-madaniy va me’moriy meros ob’ektlari bilan keng tanishtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, mintaqada etnoturizm, agroturizm, ekstremal turizm, ekologik turizm, astronomik turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Hukumat qarorida G‘ilon va Ko‘l qishloqlarida etnoturizm yo‘nalishiga ham e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, G‘ilon va Ko‘l qishloqlariga olib boruvchi yo‘llarni takomillashtirish belgilangan.

Jumladan, Qarshi, Shahrisabz va Kitob shaharlaridan boshlab, G‘ilon va Ko‘l qishloqlarigacha bo‘lgan yo‘nalishda o‘zbek va ingliz tillarida yo‘l ko‘rsatkichlarini joylashtirish, mazkur qishloqlarga olib boradigan avtomobil yo‘llarining holatini yaxshilash va tog‘ hududlarida piyoda yo‘llarini tashkil etish nazarda tutilgan.

G‘ilon va Ko‘l qishloqlarida turistlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida  oilaviy mehmon uylarini tashkil etish imkoniyati mavjud bo‘lgan salohiyatli xonadonlar, mahalliy taomnomaga muvofiq taomlar a’lo darajada tayyorlanadigan umumiy ovqatlanish nuqtalari va xonadonlar, mavjud hunarmandlarning;  saqlanib qolgan an’anaviy chorvachilik, polizchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi namunaviy mahalliy aholi vakillarining; qishloqlarni va ular bilan bog‘liq tarixiy, qiziqarli ma’lumotlarga ega mahalliy aholi vakillarining ro‘yxatini shakllantirish belgilab qo‘yilgan.
Har bir qishloqda 5 tadan oilaviy mehmon uylarini tayyorlash va ularni ro‘yxatga olishni tashkil etish, mahalliy taomnomaga muvofiq taomlar a’lo darajada tayyorlanadigan umumiy ovqatlanish nuqtalari va xonadonlarni turistlarni qabul qilish uchun tayyorlash (ta’mirlash, sanitariya-gigiyenik holatlarini yaxshilash, xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish), mavjud hunarmandlar ustaxonasi va xonadonlarini turistlarni qabul qilish va mahorat darslarini o‘tkazish uchun tayyorlash hamda hunarmandchilik mahsulotlarining namoyishi va savdosini tashkil etish, saqlanib qolgan an’anaviy chorvachilik, polizchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi namunaviy mahalliy aholi vakillarining xonadonlari, polizlari va bog‘larini turistlarni qabul qilish uchun tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Vazirlar mahkamasi qarorida G‘ilon va Ko‘l qishloqlari mahalliy aholi vakillarining turistlarga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmasini oshirishi belgilangan.

G‘ilon va Ko‘l qishloqlarini, ular bilan bog‘liq tarix va qiziqarli ma’lumotlarga ega hamda qishloq atrofidagi tabiat ob’ektlariga olib boruvchi yo‘llarni biluvchi mahalliy aholi vakillarini ekskursiya, gid va yo‘riqchi-kuzatuvchi sifatida tayyorlash, qisqa o‘quv kurslarini tashkil etish ko‘zda tutiladi.

Bundan tashqari, o‘rganish va turli shakldagi risola, buklet va to‘plam ko‘rinishlarida tayyorlash, G‘ilon va Ko‘l qishloqlari va ularda mavjud turizm salohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi buklet, broshyura, fotoalbom va videoroliklarni tayyorlash, ularni mahalliy va xorijiy turoperatorlarga taqdim qilib borish, turli turizm ko‘rgazma va forumlarida tarqatish, G‘ilon va Ko‘l qishloqlariga mahalliy va xorijiy turoperatorlar, OAV vakillari uchun infoturlar tashkil etishga e’tibor qaratilgan.

Hukumat qarorida belgilab qo‘yilgan «OAV vakillari uchun infoturlar tashkil etish» bandiga ko‘ra, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi hamkorlikda bir guruh jurnalist va blogerlar uchun G‘ilon qishlog‘iga Press-tur uyushtirdi.

Mahalliy aholining fikricha, qishloqqa 2200 yil avval asos solingan. Biroq ayrim manbalarda qishloqning paydo bo‘lish yili 1305 yil deb ko‘rsatilgan. Qishloq me’morchiligi O‘zbekistonning birorta joyida uchramaydi. Aholi qadimiy turmush tarzini unutmagan. G‘ilon xotin-qizlari kiyish lozim bo‘lgan lozimda yurishadi.

Atrofi baland tog‘lar bilan qurshab olingan G‘ilon Shahrisabzdan 85 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qishloqqa borish oson emas. Ammo zavqli. Yo‘llar asfalt emas, asosan tosh yo‘l bo‘lgani bois 85 kilometrlik masofa 3-4 soatda bosib o‘tiladi.

Aytishlaricha, dengiz sathidan 2600 metr balandlikda joylashgan qishloqda 5834 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi asosan dehqonchilik, chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Ular o‘ta mehnatkash. Bu sun’iy sug‘orish tarmoqlarining barpo etilishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qishloqda suv va elektr muammosi yo‘q. Faqat tabiiy gaz yetib bormagan, ammo balonlarda yetkazib turiladi. Odamlar o‘zlariga, hatto mini «GES»lar qurib olishgan. «GES»ni ataylab qo‘shtirnoqqa oldim, aslida ularni suvda ishlaydigan generator, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu «GES»lar ishlab chiqargan elektr energiya sakkiztagacha lampochkani yoritishga yetar ekan. 

G‘ilonliklar o‘zlari yetishtiradigan kartoshka bilan faxrlanadi.

Qishloqning tor ko‘chalari, ikki qavatdan iborat uylari sayyohlarda qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Birinchi qavat asosan ombor, molxona sifatida foydalaniladi. Ikkinchi qavat esa turar-joydan iborat. Bu kabi uylarni Turkiyaning Bursa shahri yaqinidagi Jumali qishlog‘ida ko‘rish mumkin.

 (Bu qishloqda «Xinoli qor» seriali suratga olingan). G‘ilon ko‘chalarini aylanishning o‘zi kishiga zavq beradi. Ayollar eshik oldidan o‘tuvchi ariqda bemalol kir yuvishlari va boshqa maishiy ishlar bilan shug‘ullanishlari mumkin. Bu yerda har bir qarich yer qadrlanadi.

Ma’lum qilishlaricha, avvallari to‘y va boshqa tantanalar qishloqqa kiraverishdagi yalanglikda o‘tkazilar ekan. Hozirda qishloqda restoran faoliyat yuritayapti. To‘ylarda qo‘shiqlar faqat jonli ijro etilar ekan. Biz tushlik qilayotganimizda o‘zini Andi G‘iloniy deya tanishtirgan xonanda jonli ijro etib, ko‘nglimizni ko‘tardi.

Qishloqda «Vino-vodka» yozuvi bor do‘kon ko‘rinmadi. Hatto sigaret chekuvchilar ham yo‘q, degan taassurot bilan qaytdik.

Aytishlaricha, qishloq ahli avvallari bozor-o‘charni tog‘lar oshib Urgutdan qilib kelar ekan. O‘tgan asrning 70 yillarida tog‘ yo‘li ochilganidan so‘ng Shahrisabzga qatnay boshlashibdi. «Ayni shu yo‘l G‘ilonni XXI asr bilan bog‘laydi», degan fikrlar bor. Shuni ta’kidlash kerakki, qishloqda asosan «GAZ-53», «Niva» va «UAZ» mashinalarini ko‘rish mumkin. Shuningdek mototsikllardan keng foydalanishadi.

Endi turizm sohasi qishloqqa kirib kelmoqda. Agar bu sohaga e’tibor qaratilsa, g‘ilonliklar hayoti yaxshi tomonga o‘zgarishi aniq.

Sharofiddin To‘laganov,O‘zA