Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi tergovchi jinoyatga aloqador deb har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi
10:16 / 2022-12-23

MUNOSABAT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaat qilish amaliyoti xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ishonchli muloqot o‘rnatish, jamiyat va davlatni mamlakat taraqqiyotining eng dolzarb muammolarini hal etishda birlashish va mavjud barcha imkoniyatlarni xalq manfaatlari yo‘lida safarbar etishning muhim vositasidir.  

Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish masalasi uchinchi yo‘nalish sifatida belgilandi.  

“Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazamiz. Endi tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Axir, biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish bo‘yicha ozmuncha harakat qilyapmizmi? Bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi” dedi davlatimiz rahbari.  

Xo‘sh, bu tashabbusning dolzarbligi, mazmun-mohiyati nimalarda namoyon bo‘ladi?  

Qonunchilikda yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, pochta, kurerlik jo‘natmalari, telegraf xabarlari hamda aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan boshqa xabarlar sir saqlanishi huquqlarini, shuningdek, uy-joy daxlsizligi huquqini cheklovchi tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilishiga prokuror sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishi belgilangan.  

Mazkur qoidani quyidagi asoslarga ko‘ra qayta ko‘rib chiqishga zarurat tug‘ildi.  

Prokuror jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergovni olib borish bo‘yicha vakolatini amalga oshirishi, tezkor-qidiruv faoliyatining tashabbuskoridan biri ekanligi, shuningdek, sudlarda jinoyat ishlari ko‘rib chiqilayotganda davlat ayblovini quvvatlash bo‘yicha vazifalarini inobatga olsak, uning dalil yig‘ish bilan bog‘liq tadbirlari jarayonida fuqarolarning huquq va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlanishidan manfaatdor bo‘lmasligi mumkin.  

Xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklash bilan bog‘liq tezkor qidiruv tadbirlari (yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, pochta, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan boshqa xabarlar sir saqlanishi, uy-joy daxlsizligi huquqlari) faqat sudning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bu kabi qoidalar Germaniya, Italiya, Rossiya, Gruziya, Belarus, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlar qonunchiligida nazarda tutilgan.  

Milliy qonunchilikda tintuv, telefon so‘zlashuvini eshitish, mulkni xatlash va boshqa turdagi tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshiruvchi organlar qarorlari, mazkur organ xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish mumkinligi belgilangan bo‘lsada, ushbu protsessual harakatlar prokuror sanksiyasi asosida olib borilishi – bu huquqlar buzilganidan keyingina amalga oshirish mumkinligini bildiradi.  

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda sudlar mustaqilligini mustahkamlash, ishni ko‘rishda xolislik, adolat va qonuniylikni ta’minlashning institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi. Sudyalar tomonidan odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar faoliyatiga aralashish holatlarining oldi olinishi, bir so‘z bilan aytganda, sudlar inson huquqlarining chinakam himoyachisiga aylantirilishining kafolati kuchaytirildi.  

Shu bois, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazish vaqti-soati keldi.  

E’tiborlisi, 2020 yilda qonun hujjatlarining ijro holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoringini Senat tomonidan olib borish mobaynida shu yo‘sindagi takliflar Institut tomonidan ham bildirilgan edi.  

 

Akmal TO‘RAEV,  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi  

Qonunchilik muammolari va parlament  

tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi

O‘zA