Endi sport menejerlari oʻzimizda oʻqitiladi
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5ta tashabbusda mamlakatimiz yoshlari orasida sportni rivojlantirish, ularni jismonan sogʻlom va faol boʻlishlarini taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish masalasiga alohida urgʻu berilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5ta tashabbusda mamlakatimiz yoshlari orasida sportni rivojlantirish, ularni jismonan sogʻlom va faol boʻlishlarini taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish masalasiga alohida urgʻu berilgan.
Ushbu tashabbus ijrosi doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) bilan Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Unga koʻra JIDUda sport boshqaruvi kadrlarini tayyorlash, turli milliy va xalqaro sport federatsiyalari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatish, shuningdek, Universitetning magistratura yoʻnalishida “Sport xuquqi” kafedrasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Tadbirda soʻzga chiqqan MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov ushbu voqelik qanchalik ahamiyatli ekaniga alohida toʻxtalib oʻtdi.
“Professional sportni yanada rivojlantirish uchun sport boshqaruvi sohasida ham jahonning yetakchi mamlakatlari safiga qoʻshilishimiz kerak. Kelajakda universitet bilan hamkorlikni yanada rivojlantirib, malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha ish olib boramiz. Buning uchun universitetning iqtidorli talabalarini yirik xalqaro musobaqalarda delegatsiyamiz bilan birgalikda faoliyat olib borishi kabi keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Sport huquqi va boshqaruvi boʻyicha mutaxassis kadrlar yurtimiz sportini yangi bosqichga olib chiqishda muhim oʻrin tutadi”.
Soʻngra Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti birinchi prorektori Matyokub Baqoyev va MOQ prezidenti, OʻFA birinchi vitse-prezidenti U.Ahmadjonov “Sportda boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida”gi memorandumni imzoladi. Memorundum talabalar oʻrtasida sportni yanada ommalashtirish, ularni sogʻlom turmush tarziga jalb qilishda muhim ahamiyatga ega.
Taʼkidlash joiz, memorandum imzolanishidan avval har ikki tomon tor doirada uchrashuv tashkil qilib, kelajakda bunday hamkorlikni yanada izchil yoʻlga qoʻyish borasida kelishuvga erishdi. Hamkorlik doirasida JIDU talabalari sohalari boʻyicha amaliyotlarini MOQda olib borishi, universitetda esa Ektor Kuper, Lyubinko Drulovich kabi yurtimizda faoliyat olib borayotgan jahonga mashhur murabbiylar yoki sportimiz yulduzlari ishtirokida uchrashuvlar tashkil qilish koʻzda tutilgan.
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston 2030 yilgi Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qilish uchun kurash olib bormoqda. Bugun imzolangan memorandum boʻlajak yirik kompleks musobaqaga munosib tayyogarlik koʻrish yoʻlida har tomonlama ilgʻor kadrlarni yetishtirib berishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Tadbir davomida mehmonlar universitet kutubxonasida ham boʻldi. Umid Ahmadjonov kutubxonaga taniqli jurnalist va sport sharhlovchisi Axbor Imomxoʻjayev qalamiga mansub oʻzbek futbolining 100 yilligiga bagʻishlangan “Asr futbolidagi asl qadrdonlarim” hamda MOQning “Olimp sari” kitoblaridan sovgʻa qildi. Oʻz navbatida universitet rahbariyati kutubxonada Milliy olimpiya qoʻmitasi burchagini tashkil etishini maʼlum qildi.
Shundan soʻng mehmonlar JIDU sport maydonchasida sportning mini-futbol, tennis va voleybol turlari boʻyicha musobaqalarni tomosha qildi.