Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi Sirdaryoda ham bemorlar “TERABALT” nurterapeya apparati orqali davolanadi
21:12 / 2021-01-08

Guliston shahrida onkologik kasalliklarni davolashda ishlatiladigan, umumiy qiymati 4 milliard 500 million so‘mlik “TERABALT” nurterapiya apparati foydalanishga topshirildi.

Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati rahbari G‘ulom Primov xabar berdi.

Ushbu qimmatbaho tibbiyot uskunasini foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlab Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyat filialida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, filial shifokor va hamshiralari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filialiga “TERABALT” nur-terapiya apparatining o‘rnatilishi va murakkab jarrohlik amaliyotlarini endi Guliston shahrida o‘tkazilish imkoniyatining yaratilgani – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning yorqin samarasidir.

Ushbu tibbiyot uskunalarning o‘rnatilishi alohida xavfsizlik jihatlarini talab qilinganligi sabli viloyat hokimi binoni qayta ta’mirlash uchun 200 million so‘m qo‘shimcha pul mablag‘lari ajratib berganini alohida ta’kidlash lozim. Chexiya davlatining “UJP PRAHA” firmasidan “Islom taraqqiyot banki”ning 4 milliard 500 million so‘m pul mablag‘lari hisobiga keltirilgan “TERABALT” nurterapeya apparati Belorus davlatidan kelgan yuqori malakali mutaxassislar tomonidan o‘rnatib berildi.

– “TERABALT” apparati – bu bemorlarni nur bilan davolash, ya’ni nurterapiyasi – ionlovchi nurlardan shifo maqsadida foydalanish, har xil o‘smalar va ba’zi yallig‘lanish jarayonlarini davolashda juda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filiali direktori Sundr O‘rinboyev. 

– Shu bugungi kunga qadar filialimizda bemorlarni davolashda ximiya-terapiya usulidan foydalanib kelinayotgan edik. Nur terapiya muolajalari olish uchun bemorlarimiz Toshkentga borishiga to‘g‘ri kelardi.

Jumladan filialimizda o‘tgan 2020 yilda 3 ming nafardan ortiq bemor davolangan bo‘lsa, ularning aksariyati nurterapiyasi olish uchun poytaxtga borishiga to‘g‘ri keldi. Chunki nurterapiya onkologik kasalliklarni davolashda asosiy muolajalardan biri hisoblanadi. U jarrohlik usuli bilan birga kombinatsiyalangan va alohida shaklda qo‘llaniladi.

Bu uskuna bilan ishlovchi uch nafar mutaxassisimiz – fizik-shifokorlar Davron Nazarov hamda Jahongir Xujayorov va radiolog-shifokor Ikrom Ergashev Belorussiyaning Minsk shahrida maxsus o‘quv jarayonini o‘tab kelgan bo‘lsa, 4 nafar hamshiramiz mamlakatimiz poytaxtidagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘z malakalarini oshirib qaytdi.

Quvonarlisi, bugundan Guliston shahrida ushbu “TERABALT” nurterapeya apparati orqali bemorlarni davolash ishlari boshlab yuborilganidir. Endi sirdlaryoliklar yo‘l yurib, sarson bo‘lib, Toshkentga borishlariga, kunlab navbat kutib ovora bo‘lishlariga hojat qolmadi.

Ayni paytda mazkur shifoxonada 106 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. Har gal yangi uskunalar keltirishi jamoaga quvonch bag‘ishlabgina qolmay, ishni yengillashishiga va onkologik kasalliklar bilan kasallangan bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshishini kafolatlaydi.

Eng muhimi, fuqarolar sog‘ligini saqlash va aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida davolash samaradorligi ortib, bemorlarni remissiya davri ham uzayadi va hayot sifati yaxshilanadi.

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA