English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Endi sho‘rrabotliklarning o‘z bog‘chasi bor
14:00 / 2023-11-17

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida “Sho‘rrabot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Qoyir bobo” MCHJ tomonidan 5 milliard 900 million so‘m mablag‘ evaziga ikki qavatli 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar, mehnat faxriylari, ota-onalar qatnashdi.  

Viloyat rahbari yig‘ilganlarni maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilishi bilan qutladi. Keyingi yillarda yurtimizda  maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Qorako‘lda o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi.

Uch ming aholi istiqomat qilayotgan mazkur mahalladagi bog‘cha yoshidagi bolalar soni 312 nafarni tashkil etadi.  33 yildan beri bog‘chasi bo‘lmagan mahallada aholi farzandlarini 4-5 km masofadagi bog‘chalarga olib borardi.  

Nuroniylar Yaratgandan yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘rab, duoga qo‘l ocharkan, qishloq markaziga ko‘rk bo‘lib tushgan shinam maskan uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Mehmonlar zamonaviy bog‘chada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Shu yerda viloyat hokimi qishloq aholisi bilan muloqot qilib, ularning muammolariga quloq tutdi. Aholi xonadonlarida qishga tayyorgarlik masalalari bilan qiziqdi. Shundan kelib chiqib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri